Yangi o‘quv yili oldidan yurtimiz bo‘ylab ehtiyojmand oilalar farzandlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbirlari o‘tkazildi. Tadbirlar doirasida 13 mingdan ziyod o‘quvchiga maktab formasi, o‘quv qurollari va bayram sovg‘alari topshirildi.
Mustaqillik bayrami va yangi o‘quv yili munosabati bilan O‘zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan yurtimiz bo‘ylab xayriya tadbirlari o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, respublikadagi 2 161 ta masjid xodimlari ishtirokida kam ta’minlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalar farzandlariga maktab formalari va o‘quv qurollari topshirilgan.
Jami 11 144 nafar o‘quvchi mazkur xayriya aksiyasidan foydalangan. Ko‘rsatilgan yordamning umumiy qiymati 4 milliard 929 million 995 ming so‘mni tashkil etgan.
Bundan tashqari, joriy yilda “Vaqf” xayriya jamoat fondi tomonidan yana 1 500 nafar yetim va chin yetim bolaga bayram sovg‘alari, maktab formalari hamda o‘quv qurollari hadya qilingan.
Xususan:
- Farg‘ona viloyatida — 302 nafar;
- Samarqand viloyatida — 243 nafar;
- Qashqadaryo viloyatida — 215 nafar boquvchisini yo‘qotgan o‘quvchiga yordam ko‘rsatilgan.
Ta’kidlanishicha, xayriya tadbirlaridan asosiy maqsad o‘quvchilarni yangi o‘quv yiliga tayyorlash, ularning sifatli ta’lim olishiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.
Eslatib o’tamiz, ertadan O’zbekistondagi barcha maktablarda o’quv yili boshlanadi.
