Davlat oliy taʼlim muassasalari yotoqxonalariga joylashish uchun ariza berish har yili 1-avgustdan boshlab, oʻquv yili yakuniga qadar davom etadi.
Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) yoki kontrakt.edu.uz tizimi orqali onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Ushbu maqolada my.gov.uz orqali yotoqxonaga joylashish uchun ariza topshirish va joylashish boʻyicha qoʻllanma berilgan.
1. Elektron tizimga kirish yoki roʻyxatdan oʻtish
my.gov.uz portaliga OneID yoki MyID tizimlaridan biri orqali kiriladi. Agar talabada my.gov.uz saytida shaxsiy profili boʻlmasa, “roʻyxatdan oʻtish” amali orqali, profil ochishi talab etiladi. Elektron tizimga kirgach “Ommabop xizmatlar” boʻlimidagi “Talabalar turar joyiga joylashtirish” xizmati tanlanadi.
2. Maʼlumotlarni toʻldirish va ommaviy ofertaga rozilik berish
Tizimda talabaning shaxsiy maʼlumotlari (JSHSHIR, pasport maʼlumotlari va oʻqish joyingiz) avtomatik chiqadi. Maʼlumotlar toʻgʻriligini tekshirib, arizani tasdiqlanadi va “ommaviy oferta shartlari”ga rozilik beriladi. (Ommaviy oferta bilan tanishib chiqish tavsiya etiladi)
3. Qoʻshimcha maʼlumotlarni toʻldirish
Ariza berish jarayonida faqatgina talabaning shaxsiy maʼlumotlari — JSHSHIR, pasport maʼlumotlari va oʻqish joyi avtomatik shakllanadi, ammo doimiy yasash joyi, uy maʼlumotlari talaba tomonidan kiritilishi talab etiladi.
4. Imtiyozlarni belgilash
Agar talabaning oilasida toʻlov-kontrakt asosida oʻqiyotgan yana bir talaba boʻlsa, uning pasport maʼlumotlarini kiritish talab etiladi. Yoki ariza beruvchining oilasida qandaydir imtiyoz mavjud masalan, “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oila farzandlari, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” yoki “Yoshlar daftari”da turganlar, I va II guruh nogironligi boʻlganlar, chin yetimlar tizim buni avtomatik aniqlaydi yoki tegishli hujjatni yuklash soʻraladi.
5. Imtiyozni qoʻlga kiritish yoki navbatni tekshirish
Ariza toʻliq yakunlanib, yuborilgach, u koʻrib chiqiladi. Agar ariza beruvchida yotoqxonaga imtiyozli tarzda joylashish imkoniyati boʻlsa, bunday holatda yoʻllanma beriladi. Ushbu yoʻllanmani OTM masʼullariga borib topshirgach, bu toifadagi talabalar navbatsiz yotoqxonaga joylashtiriladi.
Agar talabada hech qanday imtiyoz boʻlmaydigan boʻlsa, u navbat asosida joylashtiriladi. my.gov.uz tizimi orqali navbatni kuzatib borish mumkin.


Yotoqxona uchun qancha miqdorda toʻlov qilinadi?
Davlat oliy taʼlim muassasalari yotoqxonalari uchun umumiy narx belgilanmagan. Toʻlov miqdorini har bir OTMning Kengashi mustaqil ravishda tasdiqlaydi.
Eslatma! “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalarning talaba farzandlari uchun yotoqxona toʻlovi davlat byudjeti hisobidan toʻliq qoplab beriladi. Buning uchun OTM rektori nomiga ariza topshirish kerak boʻladi.






