Mandat natijalari eʼlon qilingach, 1-kursga talabalikka tavsiya etilganlar talabalar turar joyiga joylashish uchun ariza topshirishi mumkin. Biroq mandat chiqqanidan keyin barcha birinchi kurs talabalarining maʼlumotlari tizimda darhol aks etmasligi mumkin.
Davlat oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar turar joyiga joylashish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 376-son qarori bilan belgilangan.
Unga koʻra, talabalar turar joyiga joylashish uchun arizalar har yili 1-avgustdan oʻquv yili yakuniga qadar qabul qilinadi. Birinchi kurs talabalari esa talabalikka tavsiya etilganidan keyin yotoqxonaga ariza topshirishi mumkin.
Arizalar my.gov.uz orqali yoki Davlat xizmatlari markazlarida elektron shaklda topshiriladi.
Shu bilan birga, mandat natijalari eʼlon qilinganidan keyin birinchi kursga tavsiya etilgan talabalar haqidagi maʼlumotlarni tegishli axborot tizimlariga yuklash jarayoni amalga oshiriladi. Shu sababli ayrim talabalar hozircha my.gov.uz orqali ariza topshirishda “foydalanuvchi maʼlumotlar bazasida mavjud emas” mazmunidagi xabarga duch kelishi mumkin.
Agar abituriyent talabalikka tavsiya etilgan boʻlsayu, biroq yotoqxonaga ariza topshirishda uning maʼlumotlari chiqmasa, bu maʼlumotlar tizimga hali toʻliq yuklanmagan boʻlishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bunday holatda maʼlumotlar tizimda aks etishini kutib, keyin qayta urinib koʻrish mumkin. Yaʼni, bir-ikki kunda ariza berishingiz mumkin. Maʼlumot uchun, talabalar yotoqxonasi uchun ariza berish oʻquv yili oxirigacha davom etadi.
Ariza yuborilgandan soʻng tizim talabani imtiyozli yoki umumiy roʻyxatga kiritadi. Yotoqxonada boʻsh oʻrin mavjud boʻlsa, elektron yoʻllanma shakllantiriladi, boʻsh oʻrin boʻlmasa, talaba navbatga qoʻyiladi.
Quyidagi toifadagi talabalar ustuvorlik asosida talabalar turar joylariga qabul qilinadi:
— “Mehribonlik uylari” tarbiyalanuvchilari, yetim va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan talabalar;
— Ijtimoiy reyestr, “Temir daftar” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning farzandlari hamda “Yoshlar daftari”da turadigan talabalar;
— I va II guruh nogironligi boʻlgan talabalar;
— bir oiladan bakalavriat bosqichi kunduzgi taʼlim shaklida ikki yoki undan ortiq toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalar farzandlari;
— xalqaro fan olimpiadalari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan oʻtkaziladigan respublika fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
— “Yil talabasi” va “Talabalar teatr studiyalari” koʻrik-tanlovlarining respublika bosqichi gʻolibi boʻlgan talabalar;
— oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻrtasida oʻtkazilgan “Zakovat” intellektual oʻyinining respublika bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan talabalar;
— talabalar turar joyida talabalar kengashi raisi, qavat sardori boʻlgan talabalar.
Reglamentga muvofiq dastlab imtiyoz va ustuvorliklarga ega talabgorlar talabalar turar joylariga qabul qilinadi. Shundan soʻng, umumiy roʻyxatdagi talabalar uchun yotoqxonada ortib qolgan oʻrinlar soniga nisbatan navbat asosida quyidagicha taqsimlanadi:
— 1-kurs talabalari uchun 55 — 65 foiz;
— 2-kurs talabalari uchun 15 — 20 foiz;
— 3-kurs va undan yuqori kurs talabalari uchun 20 — 25 foizgacha ajratiladi.
