Daniyada yangi o‘quv yilidan boshlab yuqori sinf o‘quvchilari uyda bajargan yozma ishlarini sinfdoshlari va o‘qituvchisi oldida og‘zaki himoya qilishi kerak bo‘ladi. Hukumat bu orqali yozma topshiriqlarni bajarishda sun’iy intellektdan foydalanish holatlariga qarshi kurashmoqchi.
Daniya Ta’lim vazirligi sun’iy intellektdan foydalanishni to‘liq taqiqlash o‘rniga, o‘quvchilardan yozma ishlarini og‘zaki himoya qilishni talab qilishga qaror qildi. Yangi qoidalar o‘rta ta’lim to‘g‘risidagi attestat olish uchun ikki yillik imtihonlarga tayyorgarlik dasturida tahsil olayotgan 9 ming nafar yuqori sinf o‘quvchisiga taalluqli bo‘ladi.
Ushbu dastur doirasida o‘quvchilar yil davomida katta hajmdagi yozma ishlarni bajaradi. Endilikda ular tayyorlagan ishlarini sinfdoshlari va o‘qituvchisi oldida og‘zaki himoya qilishi kerak bo‘ladi. Bu o‘quvchining ishni mustaqil bajargani va uning mazmunini tushunishini aniqlashga yordam beradi.
Bundan tashqari, Ta’lim vazirligi maktablarga imtihon vaqtida o‘quvchilarning ekranlarini nazorat qilish vositalaridan foydalanishlarini tavsiya qildi. Shuningdek, imtihonlar va darslar vaqtida o‘quvchilar kirishi mumkin bo‘lgan internet-kontentni filtrlash uchun “firewall” (internet qo‘riqchisi) tizimlaridan foydalanish taklif etildi.
Shu bilan birga, hukumat o‘quvchilarga dars vaqtida ko‘proq topshiriqlar berishni tavsiya qilmoqda. Bunda vazifalar o‘qituvchi nazorati ostida bajariladi.
Afsuski, yuqori sinflarda ko‘chirish uchun sun’iy intellektdan foydalanish muammosiga duch kelmoqdamiz. Biz zudlik bilan choralar ko‘rishimiz kerak. Shu sababli uchta tashabbusni amalga oshirishdan boshlaymiz, — dedi Daniya ta’lim vaziri Magnus Xoynike.
Vazirning ta’kidlashicha, yaqin vaqt ichida maktablar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan sun’iy intellektdan foydalanishning qisqa va uzoq muddatli oqibatlari muhokama qilinadi.
Sun’iy intellekt o‘quvchilarning ko‘nikmalari, akademik qobiliyatlari va eng muhimi, mustaqil fikrlash qobiliyatiga putur yetkazmasligini ta’minlash uchun qisqa va uzoq muddatda nimalar qilish mumkinligini maktablar, o‘qituvchilar va o‘quvchilar bilan muhokama qilaman, — dedi vazir.
Avvalroq, Shotlandiyadagi barcha maktablarda o‘quvchilarning telefon ishlatishi qat’iy taqiqlanishi haqida xabar bergan edik.
