Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahridagi umumta’lim maktablari direktorlari menejerlik sertifikati uchun o‘tkazilgan imtihondan o‘ta olmagani yuzasidan xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirib, o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Toshkent viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Chirchiq shahridagi 9- va 10-sonli umumta’lim maktablari direktorlarining menejerlik sertifikati imtihonidan o‘ta olmagani haqidagi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Boshqarma eslatishicha, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 25-dekabrdagi 681-son qarori bilan davlat umumiy o‘rta ta’lim muassasalari direktorligiga nomzodlarni menejerlik o‘quv kurslarida o‘qitish hamda ularga menejerlik sertifikatini berish tartibi belgilangan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-noyabrdagi 631-son qaroriga muvofiq, 2024-yil 1-yanvardan boshlab davlat umumta’lim muassasalari direktorlari uchun menejerlik sertifikatiga ega bo‘lish majburiy talab etib belgilangan. Mazkur talabga ko‘ra, menejerlik o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, tegishli sertifikatni olgan shaxslargina direktor lavozimida faoliyat yuritishi mumkin.
Boshqarma, Mehnat kodeksi hamda “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonun talablariga ko‘ra, ta’lim muassasalari rahbarlari zarur malaka, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, shuningdek, malakasini muntazam oshirib borishi shartligini ta’kidladi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 177-moddasiga muvofiq, xodim mehnat vazifalarini bajarishi uchun zarur bo‘lgan malaka, bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi shart. Kodeksning 187-moddasida esa qonunchilikda belgilangan maxsus ruxsatnoma yoki malaka sertifikati mavjud bo‘lishi mehnat munosabatlarini davom ettirishning muhim sharti ekani belgilangan.
Shu bilan birga, “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonunning 25-moddasiga asosan pedagog va rahbar kadrlar muntazam ravishda malakasini oshirib borishi shart. Qonunning 27-moddasiga ko‘ra, ta’lim tashkiloti rahbari lavozimiga qo‘yiladigan talablar tegishli hukumat qarorlari bilan belgilanadi.
Shu munosabat bilan ta’kidlaymizki, menejerlik sertifikatiga ega bo‘lish davlat umumta’lim muassasalari direktorlari uchun amaldagi qonunchilikda belgilangan majburiy talab hisoblanadi. Belgilangan talablarni bajarmaslik mehnat va ta’lim sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ayni paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan ma’lumotlar yuzasidan belgilangan tartibda o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish yakunlari hamda amaldagi qonunchilik talablaridan kelib chiqib, tegishli qarorlar qabul qilinishi ta’minlanadi, — deyiladi munosabatda.
Avvalroq, ta’tildagi direktorlar vebinarga majburan jalb etilgani bo‘yicha MMTB munosabat bildirgani haqida xabar berilgandi.
