Bir paytlar butun Oʻzbekistonni hayajonga solgan 1-avgust. Bu sana qanday tarixga aylandi?

Bir paytlar butun Oʻzbekistonni hayajonga solgan 1-avgust. Bu sana qanday tarixga aylandi?

Bir vaqtlar 1-avgust Oʻzbekistondagi eng hayajonli sanalardan biri edi. Aynan shu kuni millionlab abituriyentlarning taqdiri hal boʻlar, ota-onalar tun boʻyi duo qilib oʻtirar, poytaxt koʻchalari esa test sinovlari sabab odatdagi hayotdan butunlay boshqa manzaraga kirardi. Bugun esa bu sana oddiy kalendar kuniga aylangan.

 

Yillar davomida oliy taʼlim muassasalariga kirish testlari aynan 1-avgust kuni oʻtkazilgan. Butun respublika boʻylab yuz minglab abituriyent bir yil davomida aynan shu sana uchun tayyorgarlik koʻrardi.

 

Test kuni ertalabdan imtihon hududlari odamlar bilan toʻlar, ota-onalar darvoza ortida farzandlarini kutar, ayrim koʻchalarda transport harakati cheklanardi. Bir necha soat ichida bir yillik mehnatning natijasi hal boʻlardi.

 

Oʻsha davrni eslagan tadbirkor Bektosh Xatamov ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida shunday yozadi:

 

‘‘Birinchi avgust desa butun Oʻzbekistonda junbushga keladigan kun boʻlar edi. Hozir esa hatto imtihon kuni ham emas, hamma imtihonlar oʻtib boʻlgan oddiy kun’’.

 

Oʻsha davrda nafaqat test sinovlari, balki qabul jarayonining oʻzi ham bugungidan keskin farq qilardi. Oldinlari abituriyent tanlagan universitetiga shaxsan borib hujjat topshirardi. Uzun navbatlar, hujjatlar papkasi va noaniqlik qabul jarayonining ajralmas qismi edi. Oʻtgan yillardagi oʻtish ballari yoki tanlovdagi raqobat haqida maʼlumotlarga ega boʻlmasdi.

 

Bir paytlar butun Oʻzbekistonni hayajonga solgan 1-avgust. Bu sana qanday tarixga aylandi?
Gazeta.uz manbasi

 

Eng muhimi, abituriyent avval oliy taʼlim muassasasi va taʼlim yoʻnalishini tanlar, keyin aynan shu yoʻnalish boʻyicha test topshirardi. Tanlovdagi bitta xato esa butun bir yilni yoʻqotishga sabab boʻlishi mumkin edi. Natijalar ham faqat mandat eʼlon qilingan kuni maʼlum boʻlar, minglab yoshlar bir necha hafta davomida kutib yashar edi.

 

So‘nggi yillarda esa oliy ta’limga qabul tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib, bu tartiblarning aksariyati o‘zgardi. Endilikda test sinovlari bir kun emas, bir necha hafta davomida oʻtkaziladi. Abituriyent test topshiradigan sana, vaqt va manzilni oldindan biladi. Ayni vaqtda kirish test sinovlari allaqachon yakunlangan, abituriyentlar esa oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo’nalishlarini tanlash bosqichida.

 

2024/2025-oʻquv yilidan boshlab “avval test, soʻng tanlov” tamoyili joriy qilindi. Endi abituriyent avval test sinovini topshiradi, natijasini biladi va shundan keyingina beshtagacha bakalavriat taʼlim yoʻnalishini tanlaydi.

 

Shuningdek, kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllarini birgalikda tanlash, grant yoki universitetni ustuvor belgilash imkoniyati ham yaratilgan. Qabul tizimidagi oʻzgarishlar faqat tanlov tartibi bilan cheklanib qolmadi. Imtihonlarni tashkil etish va nazorat qilish mexanizmlari ham tubdan yangilandi.

 

Avvallari ham imtihonlarda nazorat boʻlgan, biroq bugungidek koʻp bosqichli va zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilmagan edi. Shu sabab ayrim abituriyentlar taqiqlangan vositalarni yashirincha olib kirishga ham urinardi.

 

Tadbirkor Bektosh Xatamov oʻsha muhitni shunday eslaydi:

 

‘‘Haligi oddiy kosiblar tapochkaga telefon joylash boʻyicha master boʻlib ketgan, kosibga ham navbatga yozilib borardi odamlar’’.

 

Bir paytlar butun Oʻzbekistonni hayajonga solgan 1-avgust. Bu sana qanday tarixga aylandi?
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan arxiv surat

 

Bugungi test sinovlarida esa bunday holatlarning oldini olish uchun kirish jarayoni bir necha bosqichda tashkil etiladi. Avval pasport va ruxsatnoma tekshiriladi, soʻng taqiqlangan buyumlar nazorat qilinadi, yakunda esa Face ID orqali shaxs tasdiqlanadi. Auditoriyalar konditsionerlar bilan jihozlangan. Har bir abituriyent uchun ruchka va ichimlik suvi tayyorlab qoʻyiladi.

 

Qabul tizimidagi oʻzgarishlar abituriyentlar sonida ham oʻz aksini topdi. 2019-yilda OTMlar qabuli tarixida ilk bor roʻyxatdan oʻtgan abituriyentlar soni 1 milliondan oshib, 1 million 66 ming 925 nafarni tashkil etdi. 2020-yilda esa bu koʻrsatkich rekord darajaga chiqib, 1 million 484 ming 85 nafarga yetgan.

 

Bu yilgi qabulda esa davlat OTMlari uchun 677 ming 907 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgan. Biroq bu imkoniyatlar qisqarganini anglatmaydi. Aksincha, joriy yilda kunduzgi, kechki va masofaviy taʼlim shakllari boʻyicha qabul kvotalari oshirildi. Dual taʼlim uchun 10 mingta oʻrin ajratildi, ijtimoiy reyestrdagi oilalar farzandlari uchun 3 ming 656 ta qoʻshimcha grant joriy etildi, IT va sunʼiy intellekt yoʻnalishlari uchun grantlar 35 foizga koʻpaytirildi.

 

Davlat OTMlariga kira olmaganlar uchun esa nodavlat va xorijiy oliy taʼlim muassasalari, shuningdek qoʻshimcha yangi imkoniyatlar yaratilgan (joriy yilgi kirish imtihonlaridan fotoreportaj).

 

Bir paytlar butun Oʻzbekistonni hayajonga solgan 1-avgust. Bu sana qanday tarixga aylandi?

 

Ana shunday o‘zgarishlar tufayli 1-avgustning o‘zi ham avvalgi ramziy mazmunini yo‘qotdi.

 

OʻzJOKU rektori Sherzodxon Qudratxoʻja ham ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida bu sana haqida quyidagicha fikr bildirgan.

 

‘‘Uzoq yillar davomida koʻpchilikni zir qaqshatgan 1-avgust. Bugun esa hech kim 1-avgustdan hayiqmaydi. Yoshlar biladiki, puxta tayyorgarlik koʻrsalar, bilimlari bilan talaba boʻlishlari mumkin’’, — deya yozadi OʻzJOKU rektori.

 

Bir paytlar millionlab odamlar uchun eng hayajonli sana boʻlgan 1-avgust bugun oddiy kunga aylangan. Ammo bu sana Oʻzbekistonda oliy taʼlim tizimi qanday katta yoʻl bosib oʻtganini eslatib turuvchi ramz boʻlib qolmoqda.

 

Bir kunlik sinov oʻrnini bosqichma-bosqich tashkil etilgan, shaffof va abituriyent uchun qulay tizim egalladi. Shu bois bugungi 1-avgust avvalgidek hayajon emas, balki oʻtgan davrni eslatuvchi tarixiy sana sifatida yodga olinmoqda.

Bilimni baholash agentligi

AI bot abituriyentlarga yo'nalish tanlashga yordam beradi

Bilim va malakalarni baholash agentligi ma'lumotlari asosida.

Telegram'da ochish