Jizzax viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Misr Arab Respublikasi fuqarosi bo‘lgan 23 yoshli talabaning mobil telefonida kripto-aktivlarni saqlash va ayirboshlash uchun mo‘ljallangan elektron hamyon ilovasi aniqlanib, u orqali 191,2 million so‘mlik kripto-aktivlar ayirboshlangani ma’lum bo‘ldi.
Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda kripto-aktivlar bilan bog‘liq qonunbuzarlik holati aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Misr Arab Respublikasi fuqarosi bo‘lgan, ayni paytda Toshkent shahrining Olmazor tumanida vaqtincha ro‘yxatda turuvchi 23 yoshli oliy ta’lim muassasasi talabasining mobil telefoni qonunchilikda belgilangan tartibda tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv jarayonida uning mobil telefonida kripto-aktivlarni saqlash, qabul qilish va o‘tkazish uchun mo‘ljallangan elektron hamyon ilovasi mavjudligi aniqlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu elektron hamyon orqali jami 191 million 207 ming so‘m ekvivalentidagi kripto-aktivlar ayirboshlangan.
Mutasaddilar kripto-aktivlar bilan bog‘liq munosabatlar amaldagi qonunchilik bilan tartibga solinishini eslatib, raqamli platformalar, elektron hamyonlar va virtual aktivlardan foydalanishda qonun talablariga qat’iy rioya etish zarurligini ta’kidladi. Shuningdek, internet muhitida sodir etilgan huquqbuzarliklar ham real hayotdagi qonunbuzarliklar kabi huquqiy javobgarlikka sabab bo‘lishi qayd etildi.
Viloyat IIB Axborot xizmati xodimi Baxtiyor Tog‘ayevning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan to‘plangan hujjatlar belgilangan tartibda rasmiylashtirilib, Jinoyat kodeksining 278-8-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq, Buxoroda hindistonlik talaba kursdoshining o‘limida gumonlanib qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.
