Malayziya 16 yoshga to‘lmagan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochishni taqiqlovchi yangi qoidalarni rasman kuchga kiritdi. O‘tgan yili mazkur davlat 2026-yildan boshlab ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish bo‘yicha yosh chegarasini belgilashni rejalashtirayotgani haqida xabar bergan edik.
Malayziya hukumati 2025-yil 14-dekabrda ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan cheklov qo‘yayotgan davlatlarni o‘rganayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Joriy yil iyun oyidan boshlab 16 yoshdan kichik bo‘lganlarga akkaunt ochishni rasman taqiqladi.
Yangi tartibga ko‘ra, kamida 8 million foydalanuvchiga ega ijtimoiy tarmoq platformalari, jumladan Facebook, Instagram, TikTok va YouTube, foydalanuvchilarning yoshini tasdiqlovchi tizimlarni joriy etishi hamda 16 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga akkaunt ochishga yo‘l qo‘ymasligi shart.
Malayziya Aloqa va multimedia komissiyasi ma’lum qilishicha, amaldagi foydalanuvchilar uchun yoshni tasdiqlash tizimi keyingi 6 oy davomida bosqichma-bosqich joriy etiladi.
16 yoshga to‘lmaganligi aniqlangan foydalanuvchilarga fotosuratlar, videolar va boshqa ma’lumotlarini yuklab olish yoki boshqa platformaga ko‘chirish uchun bir oy muddat beriladi. Shundan keyingina ularning akkauntlariga nisbatan cheklovlar qo‘llanilishi, vaqtincha bloklanishi yoki boshqa choralar ko‘rilishi mumkin.
Yangi talablarni bajarmagan kompaniyalarga 10 million ringgitgacha (taxminan 2,5 million AQSh dollari) miqdorida jarima solinishi mumkin. Biroq qonunni chetlab o‘tgan bolalarning ota-onalari javobgarlikka tortilmaydi.
Hukumatning ta’kidlashicha, ushbu choralar bolalarni zararli kontent, kiberbulling hamda foydalanuvchilarni platformalarda uzoq vaqt ushlab turishga mo‘ljallangan funksiyalarning salbiy ta’siridan himoya qilishga qaratilgan.
Regulyatorning ta’kidlashicha, yangi qoidalar bolalarni raqamli texnologiyalardan foydalanishdan mahrum qilishni emas, balki ularning internetdagi xavfsizligini ta’minlashni maqsad qilgan.
Ushbu choralar bolalarning onlayn muhitdagi himoyasini kuchaytiradi hamda tobora murakkablashib borayotgan raqamli xatarlar sharoitida ota-onalarga qo‘shimcha ishonch beradi, — deyiladi komissiya bayonotida.
Shuningdek, platformalar foydalanuvchilar xavfsizligini oshirishi, ortiqcha foydalanishni cheklovchi mexanizmlarni joriy etishi hamda voyaga yetmagan foydalanuvchilar va zararli kontentga qarshi choralar ko‘rishi shart.
Hozircha texnologiya kompaniyalari Malayziyaning yangi talablarini qanday bajarishi haqida batafsil ma’lumot bermagan.
NBC News nashrining yozishicha, Meta kompaniyasining Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘yicha davlat siyosati direktori Klara Ko aprel oyidayoq 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun joriy etilgan umumiy taqiq aks ta’sir ko‘rsatishi, ya’ni o‘smirlarni nazorat qilinadigan platformalardan tartibga solinmagan internet makoniga yo‘naltirishi mumkinligi haqida ogohlantirgan.
Uning aytishicha, Meta 18 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilar uchun maxsus Teen Accounts tizimini joriy qilgan bo‘lib, unda muloqot doirasi, ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqt hamda nomaqbul kontentga duch kelish ehtimoli cheklanadi.
Ota-onalar bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda
Qayd etilishicha, Malayziyaning yangi cheklovlari hukumatlar bolalarning ruhiy salomatligi va internetdagi xavfsizligiga ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri yuzasidan kuchayib borayotgan xavotirlarga javob izlayotgan bir paytda joriy etilgan.
Kuala-Lumpurda yashovchi Saravanan Ganasan va Jayaradha Veerasamy ismli ota-onalar yangi tartibni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning 12 va 15 yoshli farzandlari allaqachon ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmaydi. Ularning fikricha, voyaga yetmagan bolalar ijtimoiy tarmoqlarning salbiy ta’sirini to‘liq anglab yetmaydi.
Oila TikTok va Instagram’dan nazoratsiz foydalanishni taqiqlagan. Telefonlar yotoqxonaga olib kirilmaydi, ekran qarshisida o‘tkaziladigan vaqt cheklanadi, o‘g‘lining telefoniga esa parol o‘rnatishga ruxsat berilmaydi.
Bizni eng ko‘p xavotirga soladigan narsa — zararli ta’sir. Nomaqbul kontent inson ruhiyatiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin, — deydi ota-onalardan biri.
15 yoshli Aadhavan Saravanan esa, agar unga to‘liq erkinlik berilsa, ijtimoiy tarmoqlarga qaram bo‘lib qolishini tan olgan.
Ijtimoiy tarmoqlar zarurat emas, balki hashamat, — deydi u.
Ota-onasining aytishicha, cheklovlar farzandlarining hayotiy ko‘nikmalarini rivojlantirishiga xizmat qilgan. Shu sababli o‘smir farzandi bo‘sh vaqtida kitob o‘qiydi, hovlidagi mango daraxti ostida vaqt o‘tkazadi va buzilgan maishiy texnikalarni ta’mirlaydi. Singlisi esa ovqat tayyorlash va turli qo‘l mehnati bilan shug‘ullanadi.
Ko‘pchilik ota-onalar bolalar zerikib qolishidan qo‘rqadi. Aslida esa zerikish foydali — aynan shunda ular noodatiy fikrlashni boshlaydi, — deydi onasi.
“Tanga”ni boshqa tomoni ham bor
Biroq Kuala-Lumpur yaqinidagi Cheras tumanida yashovchi Shaun Hyu yangi cheklovlarni haddan tashqari qat’iy deb hisoblaydi.
Uning fikricha, kattalar nazorati ostida ijtimoiy tarmoqlar bolalar uchun foydali bo‘lishi mumkin. Masalan, uning 11 yoshli o‘g‘li ovqat pishirishni, 14 yoshli qizi esa YouTube orqali imtihonlarga tayyorlanishni o‘rganadi.
U, shuningdek, keskin taqiq o‘smirlarni internetdagi cheklovlarni chetlab o‘tish yo‘llarini izlashga undashi mumkinligidan xavotir bildirdi.
Ayrim mutaxassislar esa Malayziyaning ushbu qarori shaxsiy ma’lumotlar xavfsizligi bilan bog‘liq xatarlarni kuchaytirishi va davlat nazoratini kengaytirishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Malayziyadagi Monash universiteti ijtimoiy fanlar o‘qituvchisi Benjamin Lohning fikricha, yoshni tasdiqlash uchun davlat identifikatsiya hujjatini talab qilish jiddiy xavotirlarga sabab bo‘lmoqda.
Uning aytishicha, boshqa mamlakatlar tajribasi ham yosh bo‘yicha joriy etilgan cheklovlarning samaradorligi hali to‘liq isbotlanmaganini ko‘rsatmoqda. Ota-onalarga nisbatan javobgarlik belgilanmagani sababli ular farzandlari nomidan akkaunt ochib berishlari mumkin.
Bu juda katta bo‘shliq. Agar regulyatorlar bu muammoni bartaraf etmasa, qonun bolalarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklashda kutilgan natijani bermasligi mumkin, — deydi o‘qituvchi.
Avvalroq, Ozarbayjonda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt ochish taqiqlanayotgani haqida xabar berilgandi.
