Namangan viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida voyaga yetmaganlarga noqonuniy diniy ta’lim berish holati aniqlangan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Namangan viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Davlat xavfsizlik xizmati hamda Yangi Namangan tumani Ichki ishlar bo‘limi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunga xilof ravishda diniy ta’lim berish holati aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, Yangi Namangan tumani Yangi Zamin mahallasida yashovchi fuqaro o‘z xonadonida joriy yilning iyun oyidan boshlab 27 nafar voyaga yetmagan bolaga noqonuniy ravishda diniy ta’lim berib kelgan.
Buning evaziga har bir bola uchun oyiga 100 AQSH dollari miqdorida to‘lov olingan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229²-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, noqonuniy diniy ta’lim olgan 27 nafar voyaga yetmagan bolaning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan chora ko‘rilgan. Ularga BHMning besh baravari miqdorida jarima jazosi tayinlangan.
