Toshkentdagi xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani yuzasidan vazirlik rasmiy munosabat bildirdi

Toshkentdagi xususiy bog‘chada bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilingani yuzasidan vazirlik rasmiy munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi “Rayyona Kids” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotida tarbiyalanuvchilarga nisbatan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlingani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi ishchi guruh tuzilganini hamda voqea o‘rganilayotganini ma’lum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahridagi Rayyona kids nodavlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachisi tomonidan tarbiyalanuvchiga nisbatan oʻta qoʻpol munosabatda boʻlingani aks etgan video tarqaldi.

 

Videoda tarbiyachilarning bolalarga nisbatan tazyiq oʻtkazgani, xususan, bolalardan birining ogʻziga mato tiqqani va yana birining qoʻlini eshik bilan siqqanini koʻrish mumkin.

 

Holat yuzasidan Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy munosabat bildirib, voqea nazoratga olinganini ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida ishchi guruh tuzilgan bo‘lib, voqeaning barcha tafsilotlari o‘rganilmoqda.

 

O‘rganish yakunlari asosida kasb etikasi qoidalariga rioya etmagan hamda holat uchun mas’ul bo‘lgan maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlariga qonunchilikda belgilangan tartibda choralar ko‘rilishi ma’lum qilindi.

 

Shuningdek, litsenziya talablariga javob bermaydigan hamda videoda aks etgan kabi holatlarga yo‘l qo‘ygan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining litsenziyasini bekor qilish yuzasidan ham tegishli choralar ko‘rilishi bildirilgan.

 

Vazirlik o‘rganish yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot taqdim etilishini ma’lum qildi.