Filippinning Tacloban shahridagi maktablardan birida yuz bergan qurolli hujum oqibatida 3 nafar o‘quvchi halok bo‘ldi, 7 kishi jarohat olgan.
Reuters nashri xabar berishicha, Filippinning Tacloban shahridagi maktabda ikki nafar o‘quvchi (15 va 14 yosh) tomonidan otishma sodir etilgan. Hodisa oqibatida 3 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 7 kishi esa jarohat olgan.
Gumondorlardan biri hodisa joyida darhol qo‘lga olingan, ikkinchisi esa keyinroq o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan.
Tergov davomida ular 9 mm Glock to‘pponchasi va .38 kalibrli revolverdan foydalangani aniqlangan. Biroq qurollar ularga qanday yetib kelgani hozircha noma’lum. Hodisa joyidan 40 ta o‘q gilzasi topilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma maktablar uzoq tanaffusdan so‘ng qayta ochilganidan bir necha hafta o‘tib sodir bo‘lgan.
Har ikki gumondor ijtimoiy xizmat organlariga topshirilgan. Dastlabki so‘roqlarda ular uzoq yillardan beri maktabda haqorat (bullying)ga uchragani aytilgan.
“Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat sababi maktabdagi bullying bilan bog‘liq g‘azab va adovat bo‘lgan,” — deya ma’lum qilgan Filippin milliy politsiyasi vakili.
Filippin prezidenti Ferdinand Markos Jr. esa ushbu voqeani keskin qoralab, keng qamrovli tergov o‘tkazish hamda ta’lim muassasalari va jamoat joylarida xavfsizlik choralarini kuchaytirishni topshirgan.
Jabrlanganlar yaqin atrofdagi tibbiyot muassasalariga yetkazilgan, maktab hududida esa xavfsizlikni ta’minlash uchun qo‘shimcha kuchlar joylashtirilgan.
