Bitiruvchilar sifati indeksi bo‘yicha dastlabki natijalar e’lon qilindi: qaysi yo‘nalish bitiruvchilari ko‘proq maosh olmoqda?

Bitiruvchilar sifati indeksi bo‘yicha dastlabki natijalar e’lon qilindi: qaysi yo‘nalish bitiruvchilari ko‘proq maosh olmoqda?

2025-yilda O‘zbekiston oliygohlari bitiruvchilarining o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 million so‘mni tashkil etgan. Bitiruvchilarning 75 foizi ish bilan ta’minlangan bo‘lib, eng yuqori maosh biznes va boshqaruv, huquq hamda AKT yo‘nalishlari vakillarida qayd etilgan.

 

Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi tomonidan bitiruvchilar sifati indeksi doirasida 114 ta oliy ta’lim tashkilotining 242,6 ming nafar bitiruvchisi bo‘yicha dastlabki modellashtirish natijalari e’lon qilindi.

 

Ma’lum qilinishicha, bitiruvchilarning bandlik darajasi 75 foizni tashkil etgan.

 

Ularning o‘rtacha oylik ish haqi 5,1 million so‘m etib qayd etilgan. Shuningdek, bitiruvchilarning o‘rtacha ishga joylashish muddati 2 oy 1 kunni tashkil qilgan.

 

Tahlillarga ko‘ra, bitiruvchilarning 60,1 foizi kamida 4 oy davomida barqaror ish bilan ta’minlangan.

 

Yo‘nalishlar kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi quyidagi sohalarda qayd etilgan:

 

— Biznes va boshqaruv — 8,5 mln so‘m;

— Huquq — 7,3 mln so‘m;

— Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (AKT) — 6,8 mln so‘m.

 

Bitiruvchilar sifati indeksining eng yuqori ko‘rsatkichlari esa quyidagi ta’lim yo‘nalishlarida kuzatilgan:

 

— Matematika va statistika — 69,6 ball;

— Ta’lim — 66,7 ball;

— Biznes va boshqaruv — 63,9 ball.

 

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, indeks natijalariga asosan eng yaxshi natija ko‘rsatgan Top-20 oliy ta’lim muassasasining karyera markazlari 500 million so‘mdan rag‘batlantiriladi.

 

Qayd etilishicha, mazkur natijalar 8 oylik kuzatuv davri asosida shakllantirilgan dastlabki modellashtirish hisoblanadi. Bitiruvchilar sifati indeksining yakuniy natijalari esa 12 oylik ma’lumotlar asosida joriy yilning avgust oyida e’lon qilinadi.

Bitiruvchilar sifati indeksi bo‘yicha dastlabki natijalar e’lon qilindi: qaysi yo‘nalish bitiruvchilari ko‘proq maosh olmoqda?