Samarqand viloyati Payariq tumanidagi 61-maktabning 11-sinf bitiruvchisi Pulatova Mehribonu Sur’at qizi 4 ta fandan sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘ldi.
Mehribonu ingliz tilidan CEFR B2, o‘zbek tili va adabiyot fanidan B+, tarix fanidan B hamda matematika fanidan C darajali sertifikatlarni qo‘lga kiritgan. Kelajakda u Toshkent davlat jahon tillari universitetining pedagogika yo‘nalishida tahsil olishni maqsad qilgan.
Bitiruvchining aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi unda 9-sinfning uchinchi choragida paydo bo‘lgan.
Sertifikat olish g‘oyasi 9-sinfimning uchinchi choragida paydo bo‘lgan. Tayyorgarlik jarayoni oson bo‘lmadi. Ba’zan bir kunda atigi 3–4 soat uxlar edim, — deydi Mehribonu.
Uning ta’kidlashicha, har bir fan uchun alohida reja asosida tayyorgarlik olib borilgan. Ingliz tilidan B2 darajasini bir yarim yilda, ona tili va adabiyotdan B+ darajasini 7 oyda, tarixdan B darajasini 3 oyda, matematikadan esa C darajasini 2 oy ichida qo‘lga kiritgan.
Tayyorgarlik davomida u turli manbalardan foydalanishga harakat qilgan. Ayniqsa, ingliz tilidan ham onlayn, ham oflayn mashg‘ulotlarda qatnashgan, speaking ko‘nikmalarini rivojlantirish uchun esa turli platformalarda muntazam shug‘ullangan.
Telegram orqali har kuni “mock test”lar ishlardim, YouTube orqali esa ko‘plab videodarslarni kuzatardim. Inson har bir narsadan to‘g‘ri foydalana olsa, uning foydali tomonlarini ko‘ra boshlaydi, — deydi u.
Mehribonuning fikricha, muvaffaqiyatga erishishda faqat bilimning o‘zi yetarli emas.
Tayyorgarlik vaqtida vaqt bilan to‘g‘ri ishlash, xatolarni qayta tahlil qilish va yangi ko‘nikmalarni zamonaviy usullarda o‘rganish menga juda katta yordam berdi. Lekin maktab darslari va to‘garak darslarini bajarishda ayrim qiyinchiliklar bo‘ldi. Ammo ustozlarim meni doimo qo‘llab-quvvatlashdi va darslarimga ulgurishimga yordam berishdi. Buning uchun, ulardan minnatdorman, — deydi bitiruvchi.
Sertifikat imtihonlari haqida gapirar ekan, u savollar kutilganidan biroz murakkabroq bo‘lganini qayd etdi.
Savollar o‘rtacha qiyinlikda edi. Men kutganimdan biroz qiyinroq bo‘ldi, ammo vaqtida va sifatli tayyorgarlik ko‘rganim uchun topshiriqlarni bajara oldim.
Tayyorgarlik jarayonida tushkunlikka tushgan davrlari ham bo‘lgan. Ayniqsa, sinov testlaridan kutilgan natijani ololmagan paytlarda motivatsiya pasaygan. Biroq ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi unga yana kuch bag‘ishlagan.
Mock natijalarim past chiqqan paytlarda motivatsiyam tushib ketardi, o’qishga bo’lgan xohish pasayardi. Lekin ota-onamning daldasi va kelajagim uchun bugungi muvaffaqiyatsizliklar ham poydevor bo‘lishini anglashim menga yana oldinga intilish kuchini berardi. Bu borada psixologik tayyorgarlik albatta muhim, ertaga nima bo‘lishini hech kim bilmaydi. Shuning uchun, inson har qanday vaziyatga tayyor bo‘lishi lozim.
Suhbat yakunida Mehribonu milliy sertifikat olishni maqsad qilgan yoshlarga tavsiyalarini ham bildirib o‘tdi.
Agar milliy sertifikat topshirmoqchi bo‘lsangiz, oldingizga aniq maqsad qo‘ying va o‘sha tomonga harakat qilishni boshlang. Testlarni shunchaki ishlamang, ularni albatta tahlil qiling. To‘g‘ri metodika va muntazam mehnat sizni natijaga olib keladi, — deydi u.
Mehribonuning aytishicha, u erishilgan natijalar bilan to‘xtab qolishni istamaydi. O‘quvchi o‘zbek tili va adabiyot fanidan darajasini yaxshilash maqsadida qayta imtihon topshirgan bo‘lib, hozirda u natijasini kutmoqda. Shuningdek, u ingliz tili ko‘nikmalarini yaxshilash ustida ham ishlamoqda. Shu bilan birga, o‘z bilimlarini yosh avlod bilan bo‘lishib, ingliz tilidan dars berishni ham boshlagan.
Mehribonuni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Buxoroda texnikum o‘quvchisi 6 oy ichida 4 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
