Fransiyada 16 nafar bog‘cha xodimi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikda gumon qilinmoqda

Fransiyada 16 nafar bog‘cha xodimi bolalarga nisbatan zo‘ravonlikda gumon qilinmoqda

Fransiyaning Parij shahrida maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan tergov ishlari boshlangan. Ushbu ish doirasida 16 nafar bog‘cha xodimi hibsga olingan, tekshiruvlar o‘nlab ta’lim muassasalarini qamrab olgan.

 

Euronews xabariga ko‘ra, poytaxtning 7-okrugida joylashgan Saint Dominique munitsipal muassasasida faoliyat yuritgan 16 nafar xodim bolalarga nisbatan jismoniy va jinsiy zo‘ravonlikda gumon qilinib qo‘lga olingan. Ular orasida bolalar bog‘chalari xodimlari, shahar ta’lim tizimi vakillari hamda shartnoma asosida ishlovchi animatorlar bor.

 

Prokuratura ularning barchasi 18 yoshdan 68 yoshgacha ekanini, ularga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va shafqatsiz muomala kabi bir qator og‘ir ayblovlar qo‘yilganini ma’lum qilgan.

 

Tergov faqat bitta muassasa bilan cheklanib qolmagan. Tekshiruvlar Parijdagi 84 ta bolalar bog‘chasi, 20 ta boshlang‘ich maktab va 10 ta yaslini qamrab olgan.

 

Shuningdek, 2026-yil boshidan buyon Parijda 78 nafar munitsipal ta’lim tizimi xodimi ishdan chetlatilgan bo‘lib, ularning 31 nafari jinsiy zo‘ravonlikda gumon qilinmoqda.

 

Parij meri Emmanyuel Greguar ushbu holatlarni “mutlaq ustuvor vazifa” deb atab, ishga qabul qilish tizimini qayta ko‘rib chiqish, nazoratni kuchaytirish hamda bolalarni himoya qilish bo‘yicha 20 million yevrolik reja amalga oshirilishini bildirgan.

 

Shu bilan birga, kasaba uyushmalari ommaviy chetlatishlarni tanqid qilib, bu holatni kadrlar yetishmovchiligi fonida “keskin choralar” sifatida baholagan.