Toshkentda talaba yigit kursdoshiga shilqimlik qilgani uchun jarimaga tortildi

Toshkentda talaba yigit kursdoshiga shilqimlik qilgani uchun jarimaga tortildi

Toshkentdagi oliygohlardan birida talaba yigit kursdoshiga shilqimlik qilgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Sud hukmiga muvofiq u jarima jazosi belgilangan.

 

Toshkent shahridagi oliy taʼlim muassasalaridan birida talaba yigit kursdosh qizga shilqimlik qilgani uchun jarima jazosi tayinlangan.

 

Qayd etilishicha, joriy yilning 13-may kuni yigit oʻzi tahsil oladigan universitet hududida qiz kursdoshiga “quchogʻingda joy boʻlsa, men ham boray” degan mazmunda shahvoniy shilqimlik qilgan.

 

Bundan jahli chiqqan qiz ichki ishlar vazirligining 102 qisqa raqamiga qoʻngʻiroq qilib, kursdoshiga nisbatan qonuniy chora koʻrishlarini soʻrab ariza bilan murojaat qilgan.

 

Sud majlisida huquqbuzar aybiga toʻliq iqror boʻlib, qilgan ishidan afsusdaligini bildirgan. Shuningdek, bunday holat boshqa takrorlanmasligini aytib, suddan yengillik berishni soʻragan.

 

Sud uning harakatlarini Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi bilan huquqbuzarlik sifatida baholab, unga bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari — 1 million 236 ming so‘m miqdorida jarima tayinlagan.

 

Avvalroq, Farg‘onada voyaga yetmagan o‘quvchiga shilqimlik qilgan o‘qituvchi 5 sutkaga qamalgani haqida xabar bergan edik.