5 yil ish stajiga ega xotin-qizlarga tavsiyanoma berish boshlandi

5 yil ish stajiga ega xotin-qizlarga tavsiyanoma berish boshlandi

Davlat oliy taʼlim muassasalariga alohida davlat parametrlari doirasida oʻqishga kirish uchun xotin-qizlarga tavsiyanoma berish jarayoni boshlandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi maʼlum qildi.

 

Qayd etilishicha, imtiyozdan foydalanish uchun talabgor Oila va xotin-qizlar qoʻmitasining tavsiyanomasiga ega boʻlishi kerak.

 

Tavsiyanoma olish tartibi qanday?

 

Tavsiyanoma olish uchun nomzod:

 

— oʻrta maxsus yoki professional taʼlim boʻyicha mutaxassislikka ega boʻlishi;

 

— oliy maʼlumotga ega boʻlmasligi;

 

— diplomdagi mutaxassisligi boʻyicha kamida 5-yil ish stajiga ega boʻlishi lozim.

 

Arizalar Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalimy.gov.uz orqali mustaqil ravishda topshiriladi. Elektron tizimdan foydalanishda qiynalgan fuqarolar Davlat xizmatlari markazlari orqali ham murojaat yuborishi mumkin.

 

Qoʻmita maʼlumotiga koʻra, tavsiyanoma abituriyentga tanlagan yoʻnalishi boʻyicha kirish imtihonlarida alohida tanlov asosida ishtirok etish huquqini beradi.

 

Shuningdek, tavsiyanoma berilgan kundan boshlab 3-yil davomida amal qiladi va undan faqat bir marta oliy taʼlim muassasasiga kirishda foydalanish mumkin.

 

Ma’lumot uchun, 2024–2025-yillarda tavsiyanoma olib, oʻqishga kira olmagan xotin-qizlarga esa bu yil qayta ariza topshirish talab etilmaydi. Ularning hujjatlari oʻz kuchida qoladi.