Kimyo va biologiya A+: Sirdaryoda 11-sinf o‘quvchisi 5 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Kimyo va biologiya A+: Sirdaryoda 11-sinf o‘quvchisi 5 ta fandan milliy sertifikatlarga ega bo‘ldi

Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 11-sinf o‘quvchisi Shodmonova Aziza Davron qizi 5 ta fandan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini qo‘lga kiritdi.

 

U kimyo va biologiya fanlaridan A+, tarix fanidan B, o‘zbek tili va adabiyot hamda matematikadan C+ darajali milliy sertifikatlarga ega bo‘lgan.

 

Mazkur natijalar unga muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniyatini berdi. O‘quvchi kelgusida Toshkent tibbiyot universitetining davolash ishi yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirmoqda.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.

 

“Tunlari yig‘lagan vaqtim bo‘lgan, lekin to‘xtashni o‘ylamaganman”

 

Azizaning ta’kidlashicha, sertifikat olish g‘oyasi ilk bor 9-sinfda paydo bo‘lgan. Bu yo‘lda unga opasining natijalari ilhomlangan.

 

“9-sinfligimda opamning natijasidan ilhomlanib, men ham olishga qaror qilganman. Tayyorgarlikka keladigan bo‘lsak, uyqusiz va yig‘lab o‘tkazgan tunlarim ham bo‘lgan. Shuncha maqsad bilan tinch uxlash aqlga sig‘masdi ham. Lekin to‘xtashlik haqida o‘ylab ko‘rmaganman. Chunki o‘zimga munosib bilmasdim”, — deydi u.

 

Bunda unga ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi katta kuch bergan.

 

“Maqsadingiz aniqligini anglab olsangiz sizda hech qanday psixologik muammo bo‘lmaydi. Maqsad kattaligini aniq ko‘rolsangiz unga yetishish yo‘lidagi qiyinchiliklarga ko‘z yuma olasiz”, — qo‘shimcha qiladi u.

 

Tayyorgarlik: qat’iyat va takrorlash

 

O‘quvchi asosiy fanlarga o‘rtacha 6–7 oy, majburiy fanlarga esa qisqa muddat — taxminan 1 oy tayyorgarlik ko‘rganini aytadi.

 

Tayyorgarlik jarayonida asosan repetitorlar bilan oflayn shug‘ullangan. Biologiya fanidan esa maktab o‘qituvchisi yordamida, qisman onlayn tarzda bilimini mustahkamlagan.

 

“Tayyorgarlik davomida qayta-qayta takrorlash bilimimni yanada mustahkamladi. Bundan tashqari, men imtihon natijalarimga qarab kamchiliklarimni ko‘rib tushuna oldimki, ularni to‘g‘ri baholab qayta xatolar ustida ishlash meni o‘z maqsadimga olib boradi”, — eslaydi Aziza.

 

“Savollar qiyin bo‘ldi, lekin tayyor edim”

 

Uning so‘zlariga ko‘ra, imtihon savollari kutilganidek murakkab bo‘lgan. Biroq u har qanday savolga tayyor bo‘lish maqsadi bilan o‘qiganini ta’kidlaydi.

 

“Savollar men kutgandek qiyin bo‘ldi va men bunga tayyor edim. Chunki menga qanday savol kelmasin buni yecha olishim kerak degan maqsad bilan o‘qib, harakat qilardim”, — deydi u.

 

“Tushunib o‘qish zarur..”

 

Aziza test ishlashda diqqat va vaqtni to‘g‘ri taqsimlash ham muhimligini ta’kidlaydi.

 

“Imtihon vaqtida vaqtni inobatga olib to‘g‘ri harakat qilish muhim. Xatolarning oldini olish uchun har o‘qiyotgan narsani diqqat bilan tushunib o‘qish zarur. Bo‘lmasa sal vaqt o‘tganidan keyin baribir esdan chiqadi”.

 

Telefon va ijtimoiy tarmoqlarga nisbatan esa u yaxshi xizmatchi deb hisoblaydi.

 

“Aniq maqsad qo‘ygan o‘quvchini telefon chalg‘itadi deyish noo‘rin. Agar telefondan to‘g‘ri va maqsadli foydalanilsa, albatta yaxshilikka xizmat qiladi. Misol uchun, men biologiya fanidan telefondan foydalanib onlayn o‘rgangan joylarim bo‘lgan”, — deydi o‘quvchi.

 

Azizani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Jizzaxda 11-sinf o‘quvchisi bir nechta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘lgan haqida xabar bergan edik.

 

Shuningdek, tibbiyot sohasida o‘qimoqchi bo‘lgan Surxondaryo viloyati Termiz tumanidagi 10-sonli umumtaʼlim maktabi 11-B sinf oʻquvchisi Qurbonova Mashhura bilan ham suhbatlashgan edik.