Republika miqyosida maktab o‘quvchilari va talabalarni narkotik iste’mol qilgan yoki qilmaganini aniqlash bo‘yicha test o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bu haqda Samarqandda tashkil etilgan narkotahdidlarga qarshi kurashish bo‘yicha forum doirasida Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi Narkotiklarni nazorat qilish qo‘mitasi raisi Ismatjon Azizov ma’lum qilgan.
Ushbu tekshiruvlar mahalliy ishlab chiqarilgan testlar yordamida amalga oshiriladi. Prezidentning 207-sonli farmoni bilan mahalliy test “poloska”lar yaratilgan.
“Hozir bizda mahalliy, shu paytgacha ishlab chiqarilmagan (testlarni) ishlab chiqardik. Bu oddiygina “poloska”… Tiliga tekkizib ko‘radi, so‘lakdan aniqlaydi. Shundoq tiqadi, 3 sekundda test belgisida aniqlanadigan “poloska” chiqadi. Biz hozir 16 ta narkotikka nisbatan shunaqa (testlarni) birga ishlab chiqdik”, – deydi mutaxassis.
Ismatjon Azizov yangi tizim faqatgina vaziyatni tezkor aniqlash bilan cheklanib qolmay, uzoq muddatli xulosalar berishga ham imkoniyat yaratishga qaratilganini tushuntirgan.
“Bizda hozir oddiy va sal murakkabrog‘i bor — laboratoriyalarda ishlatiladigan. Hatto soch tolasidan aniqlash mumkin bo‘lgan apparat ishlab chiqishni yo‘lga qo‘yyapmiz. Bu ekspress usul bilan aniqlanadi hamda uch oydan olti oygacha iste’mol qilganligi to‘g‘risida ma’lumot olish mumkin, ham miqdoriy jihatdan, organizmida qancha borligini ko‘rsatadi», deb qo’shimcha qilgan Azizov.
Testlar sentyabr oyidan boshlab maktab hamda universitetlarda keng qo‘llanila boshlanishi ma’lum qilindi.
