Joriy yilning 10-mart kuni Sergeli tumani hududida joylashgan 7-mavzeda ko‘p qavatli uylarning birida ijarada yashab kelayotgan Toshkent davlat yuridik universitetining bir necha talabalari hamda ular bilan yashovchi fuqaro o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan.
Ma’lum qilinishicha, tomonlar o‘rtasidagi tortishuvga ijara haqqi bo‘yicha kelisha olmaganlik sabab bo‘lgan. Vaziyat keskinlashib, janjal yuzaga kelgani haqida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasiga qarashli Sergeli tumani IIO FMB Navbatchilik qismiga xabar kelib tushgan.
Hodisa yuzasidan ichki ishlar organlari xodimlari voqea joyiga yetib borib, janjalda ishtirok etgan shaxslarning barchasini aniqlagan. Shundan so‘ng tomonlar tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilib, holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan to‘plangan materiallar o‘rganilib, qonuniy chora ko‘rish uchun ishni tuman sudiga yuborish masalasi ko‘rib chiqilmoqda.
So‘ngi paytlarda ijarada turgan talabalar o‘rtasida ko‘plab qonun buzilish holatlari aniqlanmoqda. Jumladan, bundan bir oy muqaddam Toshkentda ijara uyni narkolaboratoriyaga aylantirgan talabalar aniqlangan edi.
Bu holatda, 2007-yilda tug‘ilgan qiz va 2003-yilda tug‘ilgan talaba yigit tomonidan Mirzo Ulug‘bek tumanidagi ijara uyda narkolaboratoriya tashkil etilgan edi.
