Termiz davlat pedagogika instituti Biologiya fakulteti 1-bosqich talabasi Feruza To‘xtamurodova chayon zaharini uni nobud qilmasdan olish imkonini beradigan qurilma ishlab chiqdi.
So‘nggi yillarda saraton kasalligi bilan og‘rish holatlari ortib bormoqda. Chayon zahri tarkibidagi xlorotoksin moddasi rak hujayralari o‘sishini sekinlashtirishda, neyrotoksinlar esa asab kasalliklarini davolashda qo‘llanishi mumkinligi qayd etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, chayon zahri xorijda 12 ming dollargacha, O‘zbekistonda esa o‘rtacha 5 ming dollar atrofida turadi.
Feruza To‘xtamurodova Talimxabarlari.uz ga bergan intervyusida yoshligidan yangilik yaratishga qiziqqani haqida gapirdi:
— “Men qishloqda ulg‘ayganman. Oilamizda uch farzandmiz: opam, ukam va men. Yoshligimdan hamma narsaga qiziqib yurardim. Nimani qilib ko‘rishni xohlasam, albatta sinab ko‘rardim. Ko‘pincha uyda foydalanilmaydigan turli buyumlardan kreativ narsalar yasardim. Dadam ham bu ishlarimga qiziqib, ko‘pincha yordam berardilar. Hatto uyimizdagi bir xonani shunday ijodiy ishlarim uchun ajratib qo‘ygandik.”
Uning aytishicha, ijodkorlik va yangilik yaratishga bo‘lgan qiziqish bolaligidan shakllangan.
— “Hozir ham bo‘sh vaqtimda milliy taqinchoqlar yasab turaman. Bu ham bolalikdagi qiziqishlarimning davomidir.”
— Biologiya faniga qiziqishingiz qachon paydo bo‘lgan?
— “Biologiya faniga onam qiziqtirganlar. Oilam har doim meni qo‘llab-quvvatlab keladi. Nimadir qilmoqchi bo‘lsam, maslahat berib, yo‘l ko‘rsatishadi. Ayniqsa, o‘qishga kirganimdan keyin biologiya sohasiga yanada ko‘proq qiziqa boshladim. Shu paytda O‘zbekistonda hali o‘rganilmagan yoki yetarli tadqiq qilinmagan ko‘plab yo‘nalishlar borligini angladim.”
— Chayonlar bilan bog‘liq tadqiqotlar qanday boshlandi?
Uning ilmiy qiziqishlari birinchi kursda o‘tkazilgan amaliyot jarayonida yanada kuchaygan.
— “Birinchi kursda bizni tog‘ amaliyotiga yuborishdi. Shu amaliyot davomida chayonlarni tabiiy muhitida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Ularning tuzilishi va hayot faoliyati meni juda qiziqtirdi. Aslida chayonlarga oldindan ham qiziqishim bor edi, ammo aynan shu amaliyotdan keyin bu qiziqish yanada kuchaydi.”
Feruzaning aytishicha, ustozlarining maslahat va yo‘nalishlari uning ilmiy izlanishlarini chuqurlashtirishga yordam bergan.
— “Ustozlarim menga to‘g‘ri yo‘nalish ko‘rsatib, bu sohani chuqurroq o‘rganishga undashdi.”
— “Scorpio Tox Lab” qurilmasi qanday paydo bo‘lgan?
Suhbat davomida u o‘z ixtirosi haqida ham so‘zlab berdi.
— “Avval chayonlardan zahar olishga urinib ko‘rdim, ammo o‘sha paytda buning uddasidan chiqa olmadim. Shundan keyin amaliyotdan qaytgach, ancha ilmiy izlanish olib bordim. Chayonlarga zarar yetkazmasdan, zahar oluvchining ham xavfsizligini ta’minlaydigan usul ustida ishladim. Natijada ‘Scorpio Tox Lab’ qurilmasini yaratdim.”
Uning ta’kidlashicha, bu loyiha ustida ishlash jarayonida ustozlarining yordami juda katta bo‘lgan.
— “Albatta, bunga ustozlarimizning qo‘llab-quvvatlashi va har tomonlama yordami bilan erishdim. Loyiha ustida ishlayotganimni eshitgan ustozlarim imkon qadar yordam berishdi.”
— Loyiha bilan qanday natijalarga erishdingiz?
— “Hozirgi kunga kelib ushbu loyiha bilan ko‘plab tanlovlarda ishtirok etdim va munosib natijalarga erishib kelmoqdaman.”
Talaba qizning aytishicha, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida yaratilayotgan sharoitlar yoshlarning ilmiy izlanish olib borishi va yangi g‘oyalarini amalga oshirishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.
— “Oliygohimizda ham yaratilgan sharoitlar biz kabi ixtirochi yoshlar safining kengayishiga xizmat qilmoqda. Termiz davlat pedagogika institutida startapper yoshlar uchun imkoniyatlar eshigi ochiq. Har bir yangicha g‘oyaga ega bo‘lgan talabalar bilan ishlashadi, ularni qo‘llab-quvvatlab, rivojlanishlari uchun sharoit yaratib berishadi.”
Suhbat yakunida u tengdoshlari va yoshlar uchun o‘z maslahatini ham bildirib o‘tdi.
— “Har doim o‘zingiz qiziqqan soha bilan shug‘ullaning. Shu yo‘lda vaqt sarflang, izlaning va hech qachon harakat qilishdan to‘xtamang.”
Bungacha, SamDU olimasi qurilish chiqindilaridan yangi turdagi material ixtiro qilgan edi.
