O‘quvchilar yetishmasligi sabab Janubiy Koreyada 4 mingdan ortiq maktab yopildi

O‘quvchilar yetishmasligi sabab Janubiy Koreyada 4 mingdan ortiq maktab yopildi

Janubiy Koreya bo‘ylab o‘quvchilar yetishmasligi sababli 4 mingdan ortiq maktab faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda 2025-yil 28-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Koreya Demokratik partiyasi a’zosi deputat Jin Sun Mi Ta’lim vazirligidan olingan ma’lumotlarga tayanib ma’lum qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, hozirga qadar jami 4 008 ta maktab yopilgan. Mazkur maktablarning asosiy qismini boshlang‘ich maktablar tashkil etadi — 3 674 ta. Shuningdek, 264 ta o‘rta maktab va 70 ta yuqori sinf (katta maktab) faoliyatini to‘xtatgan.

 

So‘nggi besh yil ichida 158 ta maktab yopilgan bo‘lsa, kelgusi besh yil davomida yana 107 ta maktab yopilishi kutilmoqda.

 

Ta’kidlanishicha, hududlar kesimida eng ko‘p yopilishlar Shimoliy Jeolla provinsiyasida — 16 ta, undan keyin Janubiy Jeolla — 15 ta, Kyonggi provinsiyasi — 12 ta va Janubiy Chungcheong provinsiyasi — 11 ta qayd etilishi prognoz qilinmoqda.

 

Shuningdek, yopilgan 4 008 ta maktabdan 376 tasi hozirgacha foydalanilmayapti. Ularning 266 tasi 10 yildan ortiq, 82 tasi esa 30 yildan ziyod vaqt davomida butunlay tashlab qo‘yilgan.

 

Deputat Jin Sun Mining ta’kidlashicha:

 

“Maktablarning sezilarli qismi allaqachon yopilgan va o‘quvchilar soni kamayib borayotgani sababli yana ko‘plab maktablar yopilishi kutilmoqda. Ushbu maktablardan mahalliy jamoalar uchun foydali aktiv sifatida foydalanish bo‘yicha uzoq muddatli yo‘l xaritasi zarur.”

 

Ta’lim vazirligining 2025-yil fevral oyida e’lon qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-o‘quv yili uchun pedagogik lavozimlar soni 2 232 taga qisqartirilgan. Jumladan, boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari soni 1 289 taga, o‘rta maktab o‘qituvchilari lavozimlari esa 1 700 taga kamaygan.