Ekran oldida uzoq vaqt oʻtirish bolalarning til koʻnikmalariga salbiy taʼsir qiladi — tadqiqot

Ekran oldida uzoq vaqt oʻtirish bolalarning til koʻnikmalariga salbiy taʼsir qiladi — tadqiqot

Angliyada hukumat besh yoshgacha bo‘lgan bolalarning televizor, telefon yoki planshet ekraniga qancha vaqt qarashini tartibga solish bo‘yicha ilk rasmiy tavsiyalarni joriy etadi. Tadqiqotlar uzoq ekran oldida o‘tirish bolalarning so‘z boyligi va diqqatini jamlash qobiliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatmoqda.


Hukumat ma’lum qilishicha, aprel oyida besh yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun ekran oldida o‘tirish bo‘yicha qo‘llanma e’lon qilinadi.

 

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarning qariyb 98 foizi har kuni televizor, telefon yoki planshet ekraniga qaraydi. Ota-onalar, o‘qituvchilar va bog‘cha xodimlari bolalarning suhbatlashish va o‘qishga diqqatini jamlashda qiynalayotganini ta’kidlashgan. Bundan tashqari, kuniga besh soat ekran oldida o‘tiradigan bolalar, kuniga atigi 44 daqiqa ekran qarshisida bo‘ladigan tengdoshlariga nisbatan kamroq so‘z biladi.

 

Joriy qilinayotgan mazkur qo‘llanma Angliya Bolalar komissari Reychel de Souza va Ta’lim vazirligining ilmiy maslahatchisi professor Rassell Viner boshchiligidagi milliy ishchi guruh tomonidan ishlab chiqiladi. Guruh ota-onalar, bolalar va maktabgacha ta’lim mutaxassislari bilan maslahatlashadi.

 

Tavsiya qilinadigan qo‘llanma ota-onalarga ekran vaqtiga muqobil mashg‘ulotlarni tanlashda ham yordam beradi. Masalan, birgalikda kitob o‘qish, suhbatlashish, qo‘shiq aytish yoki o‘yin o‘ynash.

 

Hukumat tadqiqotiga ko‘ra, ikki yoshdagi bolalarning yuqori daromadli oilalaridagi 77 foiziga har kuni kitob o‘qib beriladi, past daromadli oilalarda esa bu ko‘rsatkich 32 foiz.

 

Ta’lim vaziri Bridjet Fillipsonning ta’kidlashicha:

 

“Ekranlar bugun oilaviy hayotning bir qismiga aylangan. Masala ularni ishlatish yoki ishlatmaslikda emas, balki qanday qilib to‘g‘ri va foydali ishlatishda.”

Mutaxassislar ushbu tavsiyalar bolalarning erta yoshdagi rivoji, til ko‘nikmalari va maktabga tayyorgarligini yaxshilashga yordam berishini aytmoqda.

 

Avvalroq, bolaga erta smartfon berish ruhiy salomatlik va ta’lim olishiga jiddiy xavf solishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.