Doktoranturaga kirgan xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?

Doktoranturaga kirgan xodimni mehnat shartnomasi bekor qilinadimi?

Ayrim holatlarda xodim doktoranturaga qabul qilingach, taʼlim muassasasi undan asosiy ish joyidan boʻshab kelishni talab qiladi. Ish beruvchi esa bu vaziyatda qanday yoʻl tutishni bilmay, xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilish haqida oʻylab qoladi.

 

Xoʻsh, universitetning bu talabi qonuniymi va ish beruvchi xodimni ishdan boʻshatishi shartmi?

 

Hukumatning 2017-yil 22-maydagi 304-sonli qarorida tayanch doktorantura “ishlab chiqarishdan ajralgan holda”gi taʼlim shakli sifatida belgilangan.

 

Aslida, “ishlab chiqarishdan ajralgan holda” degani doktorantning asosiy vaqti va eʼtibori ilmiy tadqiqotga qaratilishi lozimligini anglatadi, biroq bu uning mehnat qilish huquqidan mahrum boʻlishini anglatmaydi.

 

Mehnat kodeksining 161-moddasida xodim bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish asoslarining toʻliq roʻyxati keltirilgan. Ular orasida “xodimning doktoranturaga oʻqishga kirishi” degan asos mavjud emas.

 

Demak, xodimning doktoranturaga kirishi uni ishdan boʻshatish uchun mutlaqo asos boʻla olmaydi.

 

Aksincha, Mehnat kodeksiga binoan, ish beruvchi taʼlim muassasalarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqiyotgan xodimlarga ishni taʼlim bilan birga qoʻshib olib borishlari uchun zarur sharoitlar yaratib berishi shart.

 

Unda doktorant ham oʻqib, ham ishlashi uchun eng toʻgʻri yechim qanday?

 

Bunda xodimni ishdan boʻshatish emas, balki u bilan kelishilgan holda mehnat shartlarini oʻzgartirish lozim. Mehnat kodeksining 186-moddasiga koʻra, xodim va ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan toʻliqsiz ish vaqti, yaʼni toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilanishi mumkin.

 

Yaʼni, ish beruvchi xodim bilan qoʻshimcha kelishuv tuzib, uning ish stavkasini 0.5, 0.25 yoki boshqa miqdorga oʻtkazishi mumkin. Bunda xodimning mehnat staji saqlanib qoladi.

 

Endi universitetning “ishdan boʻshab kel” degan talabiga qaytaylik. Doktorantura “asosiy ish joyi” hisoblanadimi? Qonunchilikka koʻra, yoʻq. Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 18-oktyabrdagi 297-sonli qaroriga binoan, oʻrindoshlik bu xodimning asosiy ishidan boʻsh vaqtida boshqa haq toʻlanadigan ishni bajarishidir. Taʼlim olish jarayoni esa “mehnat faoliyati” yoki “asosiy ish” deb eʼtirof etilmaydi.

 

Xodimning tayanch doktoranturaga qabul qilinishi uni ishdan boʻshatish uchun asos boʻlmaydi. Universitetning “ishdan boʻshab kel” degan talabi qonunchilikka ziddir. Xodim asosiy ish joyida (masalan, toʻliqsiz ish vaqtiga oʻtgan holda) ishlash va bir vaqtning oʻzida doktoranturada tahsil olishga toʻla haqli.