Stipendium Hungaricum Scholarship — dunyodagi eng nufuzli, to‘liq moliyalashtiriladigan xalqaro stipendiya dasturlaridan biri.
Dastur doirasida Vengriyaning 30 ta yetakchi universiteti tomonidan 900 dan ortiq ta’lim dasturlari taklif etiladi. Asosan ingliz tilidagi dasturlar mavjud bo‘lsa-da, ayrim yo‘nalishlar nemis, fransuz va venger tillarida ham o‘qitiladi.
Stipendiya yuqori nufuzga ega bo‘lgani sababli, har yili 90 dan ortiq davlatdan 50 mingga yaqin ariza topshiriladi. Ularning 60 foizdan ortig‘i Osiyo mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Kimlar ariza topshirishi mumkin?
Quyidagi bosqichlarda tahsil olishni istagan talabalar ariza topshirishlari mumkin:
-
bakalavr;
-
magistratura (1 yillik, 1,5 yillik va 2 yillik);
-
PhD (doktorantura);
-
darajasiz almashinuv (non-degree exchange) dasturlari.
Dastur maqsadi
Yevropa ta’lim tajribasiga tayangan holda, tanlangan sohalar bo‘yicha malakali va raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlash.
Dastur doirasidagi universitetlarni ariza beruvchilar mustaqil tarzda tanlab olishlari lozim. Universitetlarni bu yerdan yoki bu havola orqali tanlash mumkin.
Stipendiyaning imtiyozlari bepul oʻqish va turarjoy, oylik stipendiya, shuningdek, bepul tibbiy sug’urtani qamrab oladi. Stipendiyani qoʻlga kiritgan muvaffaqiyatli talabalar haqidagi hikoyalarni bu yerda oʻqish mumkin.
Stipendiya imtiyozlari
Stipendium Hungaricum quyidagi imkoniyatlarni taqdim etadi:
-
to‘liq bepul o‘qish (kontrakt to‘lovi olinmaydi);
-
oylik stipendiya:
-
bakalavr, magistratura va non-degree dasturlar uchun — 43 700 HUF (≈ 110 yevro);
-
doktorantura uchun — 140 000–180 000 HUF (≈ 355–460 yevro);
-
-
bepul yotoqxona yoki turar joy ijarasi uchun oyiga 40 000 HUF;
-
to‘liq tibbiy sug‘urta hamda bir yilga 65 000 HUF (≈ 170 yevro) miqdorida qo‘shimcha tibbiy yordam.
Muhim: Dastur doirasida beriladigan stipendiya miqdori yashash xarajatlarini qoplash uchun yetmasligi mumkin. Nomzodlarga yashash xarajatlarini oldindan hisoblab, qoʻshimcha shaxsiy mablagʻ jamgʻarishlari tavsiya etiladi.
Maqbullik shartlari:
-
ariza topshirish huquqiga ega davlatlar ro‘yxati mavjud (O‘zbekiston barcha ro‘yxatlarga kiritilgan);
-
dastur boshlanishidan oldin 18 yoshga to‘lgan bo‘lishi;
-
ilgari Stipendium Hungaricum stipendiyasini qo‘lga kiritmagan bo‘lishi;
-
ariza topshirishda self-finance (o‘zini o‘zi moliyalashtirish) turini tanlamagan bo‘lishi;
-
Vengriya fuqarolari dasturda ishtirok eta olmaydi.
Dasturning qabul talablari, maxsus shakllantirilgan davlatlar roʻyxatini batafsil ushbu havola orqali (bakalavr, magistratura va daraja bermaydigan dasturlar uchun) va bu yerda oʻqish mumkin.
Kerakli hujjatlar
Talab etiladigan hujjatlar tanlangan universitet va bosqichga qarab farqlanishi mumkin. Umumiy hujjatlar ro‘yxati:
-
shaxsni tasdiqlovchi hujjat (pasport yoki ID-karta nusxasi);
-
tibbiy ma’lumotnoma (Namuna uchun);
-
motivatsiya xati;
-
til bilish darajasini tasdiqlovchi hujjat (dasturga bog‘liq);
-
diplom va uning tarjimasi (maktab/bakalavr/magistratura);
-
reyting daftarchasi (transkript) va tarjimasi;
-
tadqiqot rejasi (dasturga bog‘liq);
-
tavsiyanoma xati (dasturga bog‘liq);
-
portfolio yoki audio portfolio (dasturga bog‘liq).
Eslatma: Kerakli hujjatlarni ushbu jadvaldan tekshirish tavsiya qilinadi. Shuningdek, ariza topshirishda yoʻl qoʻyiladigan xatolar hamda ularning oldinini olish uchun tavsiyalarni ushbu havola orqali oʻqish mumkin.
Dasturga hujjat topshirishdan oldin majburiyatlar va kelishuvlar haqida batafsil tanishib chiqish lozim.
Saralash bosqichlari:
-
1-bosqich natijalari — 2026-yil 28-fevral;
-
2-bosqich — mart–may oylarida. Tibbiy ma’lumotnomani 15-aprelgacha topshirish mumkin;
-
Yakuniy natijalar — iyun o‘rtalariga qadar e’lon qilinadi.
