Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining qaroriga muvofiq dastlabki va harbiy-kasbiy tanlashdan muvaffaqiyatli oʻtgan quyidagi nomzodlar “Temurbeklar maktabi”ga test sinovlarisiz tanlovdan tashqari oʻqishga qabul qilinadi:
– xalqaro va respublika fan olimpiadalarining gʻoliblari – belgilangan qabul kvotasi doirasida;
– oʻz xizmat vazifalarini bajarish chogʻida halok boʻlgan hamda jarohatlanish (shikastlanish) natijasida nogiron boʻlib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv boʻlinmalari xizmatchilarining farzandlari – kvotadan tashqari;
– yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosogʻlom oilalarda yashayotgan, davlat va jamiyat koʻmagiga muhtoj boʻlgan, joriy yilda umumtaʼlim maktablarining 9-sinfini tamomlagan Voyaga etmagan yoshlar bilan ishlash boʻyicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining qarorlari asosida – kvotadan tashqari, belgilangan kvotaning 5 foizidan koʻp boʻlmagan miqdorda.
Bundan tashqari, sport vazirligi rahbarligida oʻtkazilayotgan respublika va xalqaro sport musobaqalarining gʻoliblariga Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilayotgan test sinovlarida ular toʻplagan ballarning 20 foizi miqdoridagi qoʻshimcha ballar koʻrinishida imtiyoz beriladi.
Ta’kidlash lozim, oldinroq “Temurbeklar maktabi”, “Yosh chegarachilar” va Jaloliddin Manguberdi nomidagi Harbiy-akademik litseylarga kirish test sinovlari 2024-yil 27-iyul kuni 2-smenada bo‘lib o‘tadi va 15:00 da boshlanishi haqida xabar bergan edik.