Qozog‘istonda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi — ta’lim vaziri

Qozog‘istonda pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish qoidalari qayta ko‘rib chiqiladi — ta’lim vaziri

Qozog‘istonda pedagoglarni attestatsiya qilish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Julduz Sulaymenova xabar berdi.

 

Avvalroq, Qozog‘istonda o‘qituvchilar attestatsiya savollari yuzasidan norozilik bildirgani haqida xabar bergan edik.

 

‘‘Bugun pedagoglarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Pedagog maqomi to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Vazirlik pedagoglar jamoatchiligi takliflarini inobatga olgan holda, o‘qituvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish masalasini o‘rganmoqda. Dolzarb mavzulardan biri — o‘qituvchilar tomonidan mualliflik ta’lim dasturlarini yaratish’’, — dedi Qozog‘iston ta’lim vaziri.

 

Uchrashuv ishtirokchilari magistraturani tamomlagan pedagoglarga malaka toifasini avtomatik ravishda berishni taklif qilgan, biroq vazir bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamagan.

 

‘‘O‘rta ta’lim tizimida pedagogning malakasini uning kasbiy mahorati va dars berish sifati orqali baholash zarur’’, — deya ta’kidladi Julduz Sulaymenova.

 

Vazir, shuningdek, kam komplektli maktablarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish rejalashtirilayotganini, bu orqali qishloq aholi punktlarida ta’lim sifati va o‘quv jarayonining samaradorligini oshirish ko‘zda tutilayotganini ma’lum qilgan.

 

Qozog‘iston Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida qayd etilishicha, pedagoglar jamoatchiligi tomonidan attestatsiya qoidalarini takomillashtirish bo‘yicha ko‘plab takliflar kelib tushishda davom etmoqda.

 

Shuningdek, Qozog‘iston ta’lim tizimida qariyb 600 ming nafar pedagog faoliyat yuritmoqda.