Avvalroq, Samarqandda maktab xodimasi 3-sinf oʻquvchisini kaltaklagani tasvirlangan video tarqalgandi.
Bu bo‘yicha Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko’ra, holat joriy yilning 6-oktyabr kuni soat 09-30 lar atrofida Samarqand viloyat Qo‘shrabot tumanidagi 71-o‘rta ta’lim maktabida sodir bo‘lgan. Maktabning kadrlar bo‘yicha menedjeri bo‘lib ishlovchi Q. S.ning oldiga farzandi Q. I. tanaffus vaqtida kelib, sinfdoshi (3-A sinf o‘quvchisi R.F.) urganligini aytgan.
‘‘Mazkur holatdan so‘ng ona farzandi bilan janjallashgan o‘quvchi sinfiga borib unga qo‘l ko‘targan.
Holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan nazoratga olinib, jabrlanuvchi o‘quvchi R. F.ni tan jarohati olgan yoki olmaganligi yuzasidan joriy yilning 7-oktyabr kuni sudga oid ekspertiza tayinlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, bolaga yengil tan jarohati yetkazilganligi aniqlandi. Ayni paytda holat sud tartibida ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan maktab kadrlar menedjeri vazifasida ishlovchi Q.S bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, xodimning ichki odob-ahloq qoidalariga rioya qilishini nazoratga olmaganligi uchun Qo‘shrabot tumanidagi 71-umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktorining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari K.A. ga nisbatan intizomiy jazo chorasi qo‘llanildi,’’ — deyiladi xabarda.
