Ushbu bo‘sh o‘rinlarga qabul Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 27-maydagi 214-son qarori bilan tasdiqlangan nizom talablari asosida e’lon qilinmoqda.
Unga ko‘ra, kirish imtihonlari yo‘nalishlar bo‘yicha bir bosqichda quyidagi fanlardan o‘tkaziladi.
Aniq fanlar yo‘nalishi bo‘yicha:
5 — 7-sinflar uchun matematika (30 ta topshiriq), ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan (jami 45 ta topshiriq);
8 — 11-sinflar uchun algebra (12 ta topshiriq), geometriya (8 ta topshiriq), fizika (10 ta topshiriq) va ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan (jami 45 ta topshiriq) test shaklida o‘tkaziladi.
Tabiiy fanlar yo‘nalishi bo‘yicha:
7-sinflar uchun tabiiy (sceince) fan (30 ta topshiriq) va ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan (jami 45 ta topshiriq);
8 — 11-sinflar uchun biologiya (10 ta topshiriq), kimyo (20 ta topshiriq), ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan (jami 45 ta topshiriq) test shaklida o‘tkaziladi.
Agentlik tizimidagi tayanch ixtisoslashtirilgan maktablarda kirish imtihonlari bir bosqichda yo‘nalishlar bo‘yicha quyidagi tartibda o‘tkaziladi.
Axborot texnologiyalari yo‘nalishi bo‘yicha:
5-sinflar uchun matematika (30 ta topshiriq, shundan 10 tasi mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan), ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan (jami 45 ta topshiriq) test shaklida o‘tkaziladi.
Biologiya va kimyo yo‘nalishi bo‘yicha:
7-sinflar uchun tabiiy (science) fan (30 ta topshiriq) va ingliz tili (15 ta topshiriq) fanidan (jami 45 ta) test shaklida o‘tkaziladi.
Fizika va astronomiya yo‘nalishi bo‘yicha:
7-sinflar uchun matematika (30 ta topshiriq, shundan 10 tasi mantiqiy fikrlashga yo‘naltirilgan), ingliz tili (15 ta topshiriq) fanlaridan (jami 45 ta topshiriq) test shaklida o‘tkaziladi.
Kirish imtihonlari yakunlari bo‘yicha o‘quvchilar o‘rtasida teng natijalar yuzaga kelganda, o‘quvchilarga quyidagi tartibda ustunlik beriladi:
a) tabiiy fanlar bo‘yicha:
1-darajali (tabiiy fan (sceince) biologiya, kimyo) fanidan yuqori ball to‘plaganlar;
2-darajali (chet tili) fanidan yuqori ball to‘plaganlar.
b) aniq fanlar bo‘yicha:
1-darajali (matematika, geometriya, fizika) fanidan yuqori ball to‘plaganlar;
2-darajali (chet tili) fanidan yuqori ball to‘plaganlar.
O‘quvchilar barcha darajadagi savollar bo‘yicha bir xil umumiy va teng ball to‘plagan taqdirda, ular tug‘ilgan sanasi bo‘yicha saralanadi, bunda yoshroq o‘quvchilarga ustunlik beriladi.
Agarda bu holatda ham tenglik saqlanib qolsa, qabul komissiyasi tomonidan o‘quvchilarga qo‘shimcha topshiriqlar beriladi.
O‘quvchilar imtihonga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatning asli va imtihon ruxsatnomasi bilan kelishi lozim.
Imtihon ruxsatnomasi imtihon boshlanishidan kamida 3 (uch) kun oldin o‘quvchining kirish imtihoniga oid shaxsiy ma’lumotlari bilan birga kirish imtihonining o‘tkazish joyi, guruhi va o‘tirish o‘rni ko‘rsatilgan holda uning shaxsiy kabinetiga yuboriladi.
Kirish imtihonlariga hujjat topshirmagan, imtihonga kechikkan yoki kelmagan o‘quvchilar uchun qo‘shimcha tanlov o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Quyidagi holatlar o‘quvchilarni kirish imtihoni jarayonlaridan chetlashtirishga asos bo‘ladi:
boshqalardan ko‘chirishga urinish va boshqa o‘quvchilarga xalaqit berish;
shpargalka, barcha turdagi mobil aloqa vositalari, kalkulyator, lug‘at, kitoblardan foydalanish.
Yuqoridagi holatlar sodir etilganda, o‘quvchilarga nisbatan tegishli dalolatnoma rasmiylashtiriladi va ular javoblar varag‘ini topshirgan holda imtihonni tark etadi.
Chetlashtirilgan o‘quvchilarning imtihon natijalari inobatga olinmaydi.
Kirish imtihonlari jarayonida o‘quvchilarning o‘zlariga bog‘liq bo‘lgan holda jarayondan chetlatilishi yoki chiqib ketishi qayta imtihon o‘tkazishga asos bo‘lmaydi.