Vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkai 2025-yilgi adabiyot bo‘yicha Nobel mukofotini “qiyomat dahshati manzarasida ham san’atning qudratini tasdiqlagan ishonchli va bashoratli ijodi uchun” qo‘lga kiritdi.
Nobel qo‘mitasi uni “Kafka va Tomas Bernxard an’analariga mansub Markaziy Yevropa adabiyotining buyuk epik vakili” sifatida ta’rifladi.
Krasnaxorkai 1985-yilda e’lon qilingan “Satanin tangosi” romani bilan keng tanilgan. Shuningdek, u “Qarshilik melanxoliyasi” va “Urush va urush” kabi asarlari bilan ham mashhur. Yozuvchi 2015-yilda Xalqaro Buker mukofotini ham qo‘lga kiritgan edi.
2024-yilda adabiyot bo‘yicha Nobel mukofoti janubiy koreyalik yozuvchi Xan Ganga “tarixiy jarohatlarga qarshi chiqqan va inson hayotining nozik tomonlarini ochib bergan boy she’riy nasri uchun” topshirilgan edi.
“Nobel haftaligi” odatdagidek fiziologiya va tibbiyot sohasidagi g‘oliblarni e’lon qilish bilan boshlandi. Bu yil ushbu yo‘nalishdagi mukofot Meri Brunkou, Fred Ramsdell va Shimon Sakaguchiga “periferik immunologik tolerantlik borasidagi kashfiyotlari uchun” berildi.
7-oktyabr kuni fizika bo‘yicha Nobel mukofoti Jon Klark, Mishel Devore va Jon Martinisga “elektr zanjirlarida makroskopik kvant-mexanik tunnellash hamda energiya kvantlanishini kashf etgani uchun” topshirildi.
8-oktyabrda kimyo bo‘yicha mukofot Susumu Kitagava (Yaponiya), Richard Robson (Avstraliya) va Omar Yagi (AQSh)ga “metallorganik karkas tuzilmalarini ishlab chiqqanliklari uchun” nasib etdi.
Tinchlik mukofoti laureati 10-oktyabr kuni, iqtisodiyot bo‘yicha mukofot esa — 13-oktyabrda, ya’ni Alfred Nobel xotirasiga bag‘ishlab Shvetsiya banki tomonidan ta’sis etilgan sana doirasida e’lon qilinadi.
Laureatlarni taqdirlash marosimi an’anaviy ravishda 10-dekabr kuni Stokgolmda bo‘lib o‘tadi.
