Hukumatning 2021-yil 12-oktyabrdagi ‘‘Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarga taʼlim berishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash toʻgʻrisida’’ gi 638-son qaroriga muvofiq inklyuziv taʼlim sinflari oʻqituvchilariga ma’lum miqdorda ustama berilishi belgilangan.
Inklyuziv taʼlim sinflari va boshlangʻich tayanch korreksion sinflarni moliyalashtirish belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan va tasdiqlangan xarajatlar smetasiga muvofiq, shuningdek, jamoatchilik, hayriya va xalqaro tashkilotlarning hayriya mablagʻlari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga amalga oshiriladi.
Nizomning 53-bandiga ko’ra, inklyuziv taʼlim sinflari oʻqituvchilariga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi sinfda alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bir nafar bola uchun lavozim maoshining 10 foizi, ikki nafar bola uchun lavozim maoshining 20 foizi, uch nafar bola uchun lavozim maoshining 30 foizi miqdorida, ikki va undan ortiq inklyuziv taʼlim sinflarida toʻrt nafar va undan ortiq bola uchun taʼlim-tarbiya ishlarini olib borgan oʻqituvchilar va maxsus pedagoglarga lavozim maoshining 40 foizi miqdorida belgilanadi.
Boshlangʻich tayanch korreksion sinflar oʻqituvchilari va maxsus pedogoglarga mehnatning alohida sharoitlari uchun har oyda toʻlanadigan ustama haqi lavozim maoshining 50 foizi miqdorida toʻlanadi.
Shuningdek, inklyuziv taʼlim sinflari sinf rahbariga sinf rahbarligi uchun toʻliq hajmda qoʻshimcha mablagʻ ajratiladi va u direktor jamgʻarmasidan ragʻbatlantiriladi.
