Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining joriy yil 2-oktyabrdagi 05-40-6709-sonli C1 darajadagi milliy yoki xalqaro sertifikatga ega xodimlarga ustama toʻlash boʻyicha koʻrsatma xati e’lon qilindi.
Ta’kidlanishicha, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida (DMTT) PQ-5117-sonli qarorga muvofiq kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatga (rus tilidan tashqari) ega xorijiy tillar oʻqituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama haqi toʻlab borilishi belgilangan.
Adliya vazirligidan 2024-yil 29-may kuni 3515-son bilan roʻyxatga olingan qaror ilovasi 1-bobidagi xorijiy tillarni bilish darajasini belgilovchi xalqaro tan olingan sertifikatlar ro‘yxatida rus tili ko’rsatilmagan.
Shuningdek, qarorning 4-bobida rus tili fanidan olingan (TRKI) xalqaro sertifikat umumta’lim fanlari bo‘yicha ustama toʻlashda tatbiq etilishi belgilangan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, DMTTlarda 2-tilni o‘rgatish maqsadida katta va maktabga tayyorlov guruhlarida faoliyat yuritayotgan TRKI xalqaro tan olingan sertifikatga ega oʻqituvchilarga PQ-5117-sonli qarori 5-bandida belgilangan har oylik 50 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama tatbiq etilmasligi hamda belgilanmasligi bo‘yicha hududiy adliya bo‘linmalariga tegishli ko‘rsatma berish bo’yicha xat yuborilgan.


