Britaniya ta’limi tizimi nimasi bilan boshqalardan farq qiladi?

Britaniya ta’limi tizimi nimasi bilan boshqalardan farq qiladi?

Britaniyada ishlayotgan ukrainalik o‘qituvchi Nadejda Maybogina Britaniya ta’lim tizimining mohiyatini 5 yoshli bola uchun mo‘ljallangan bir topshiriq misolida tushuntirib berdi. U Facebookdagi sahifasida Britaniya va Ukraina ta’lim tizimlari o‘rtasidagi asosiy farqlarni ochib berdi.

 

 

Mayboginaning aytishicha, Ukrainada o‘quv jarayoni odatda uch bosqich asosida quriladi: yod olish → tushunish → qo‘llash. Britaniyada esa bu zanjir ancha kengaytirilgan: yod olish → tushunish → qo‘llash → tahlil qilish → baholash → yangilik yaratish.

 

 

Uning fikricha, Britaniya tizimida bolalar oddiy eslab qolish yoki tushunish bilan cheklanmaydi. Ular o‘rgangan bilimini real hayotiy vaziyatlarda qo‘llab, asosli xulosalar chiqarishi, tahlil qilishi va yangilik yaratishi kutiladi.

 

 

Maybogina Britaniya ta’lim tizimini Ukraina tizimidan farqlovchi ikki asosiy tamoyilni ajratib ko‘rsatdi:

 

 

Blum taksonomiyasi – Britaniyada bu yondashuv barcha fanlar, barcha ta’lim bosqichlari va shakllarida yagona asos sifatida ishlatiladi. Darsdan tortib, imtihonlargacha hamma narsa shu asosda quriladi.

 

Qo‘shilgan qiymat konsepsiyasi – Britaniyada ta’lim tizimi yagona maqsadga xizmat qiladi: har bir bola bilimini nafaqat o‘rganishi, balki uni real hayotda foydali tarzda ishlatishi kerak. Bu yondashuv nafaqat alohida o‘qituvchi, balki milliy darajadagi siyosatgacha bo‘lgan barcha tizimlarda aks etadi.

 

 

Maybogina misol sifatida 5 yoshli bolalarga berilgan bir topshiriqni keltirdi. Ushbu topshiriqda bolalar nafaqat o‘qishni bilishi, balki ob-havoni tavsiflovchi tashqi belgilarni tanib olishi, ob-havo qanday aniqlanishini tushunishi kerak. Bu oddiy faktlarni yoddan aytish emas, balki ob-havo hodisasining mohiyatini tushunishga qaratilgan topshiriqdir.

 

 

Keyingi bosqichda bolalar ob-havo hodisasini vaqt davomida qanday o‘zgarishini tahlil qilishi kerak bo‘ladi. So‘ngra esa o‘rgangan bilimlarini konkret vaziyatda, abstrakt shaklda – ya’ni rasmlarsiz va umumlashtirilgan tarzda – qo‘llashi talab etiladi. Bu esa bolalardan mustaqil fikrlash va muammoni turli nuqtai nazardan ko‘ra olishni talab qiladi.

 

 

Mayboginaning fikricha, aynan mana shu yondashuv Britaniya ta’limining asosiy kuchli jihati hisoblanadi. Chunki bu bolalarni nafaqat bilim olishga, balki uni hayotda ishlatishga, mustaqil qaror qabul qilishga o‘rgatadi.