Alixan Dinaev — Rossiyaning “Yil o‘qituvchisi” mukofoti sovrindori, Checheniston “Xalq o‘qituvchisi”, ko‘p farzandli ota, bloger va ta’lim ilovalari yaratuvchisi. Yaqinda “Radiomaktab” dasturida Dinaev bolalarning ta’til vaqtida, kitob o‘qish va maktabdagi zerikishi haqida o’zining qiziqarli mulohazalari bilan bo‘lishdi.
Dinaevning fikricha, yozgi ta’tillar bolalar bilimiga jiddiy ta’sir qiladi. Ayniqsa, matematika sohasida. Bolalar yoz davomida biroz bo‘lsa-da, o‘qiydi, biologiya yoki fizika bilan hayotiy muloqotda bo‘ladi, lekin matematika bilan shug’ullanmaydi. Natijada, yangi o‘quv yilining boshida birinchi haftalar o‘tgan yilgi mavzularni eslash bilan o‘tadi.
Shuning uchun u ota-onalarga ta’til davrida bolani klassik “o‘tirib dars qilish” shaklida emas, balki qiziqarli, interaktiv usullar orqali bilimni mustahkamlashni tavsiya qiladi. Masalan, fizika bilan qiziqayotgan bola bilan planetariyaga boring, “Yulduzli osmon” ilovasini yuklab olib, yulduzlar xaritasini birga o‘rganing. Biologiyaga qiziqsa — hayvonot bog‘i yoki o‘rmon sayri ayni muddaodir.
Alixan Dinaev kitob o‘qishni shaxsiy rivojlanishning asosi deb biladi. Ammo u zamonaviy bolalar o‘qishni boshqacha tushunishini ta’kidlaydi. Bugungi o‘quvchi nafaqat kitob, balki memlar, infografika, video va onlayn maqolalarni o‘qiydi. Bu esa murakkabroq kognitiv faollikni talab qiladi.
Maktabda esa ko‘pincha kitoblar tahlilga aylantirilib, estetik zavq emas, fakt yig‘ishga sabab bo‘ladi: “Oblomov qayerda yashardi?”, “Chatskiy kim edi?” — buning o‘rniga bolaga savol bering: “Agar Onegin boshqacha yo‘l tutganida nima bo‘lardi?”, “Agar bo’g’irsoq dumaloq emas, kub shaklida bo‘lganida nima o‘zgarardi?”
Farzandlari bilan «Garri Potter» kitoblarini o‘qigan Dinaev bu jarayonni sahnalashtirish, o‘yin elementlari orqali jonlantirishni tavsiya qiladi. Sehrli tayoqchalar yasab, afsunlar aytib o‘ynash, qahramonlar rolini bajarish — bular bolaga kitobni his qilish, uning ichiga kirishga yordam beradi. Har bir o‘qish sessiyasi 10 daqiqadan oshmasligi, so‘ng faol tanaffus bilan davom etishi tavsiya etiladi.
Ta’til vaqtida bolalarni kitob o‘qishga qiziqtirish uchun 5 tavsiya:
– Kitobni sovg‘a qiling, lekin boshqa sovg‘a bilan birga;
– Bolaning qiziqishiga mos kitob tanlang — masalan, futbolchi Messi haqidagi biografiya bo’lsin;
– Kichik hajmli, yengil hikoyalar bilan boshlang;
– Kitob asosida film, spektaklni tomosha qilishga yoki muzeyga tashrif buyuring;
– O‘zingiz ham kitob o‘qing;
Shuningdek, bolalar bilan birgalikda ovqatlanish — kitoblar haqida suhbatlashish uchun eng yaxshi vaqt. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ota-onasi bilan birga ovqatlanadigan bolalar maktabda yaxshi o‘qiydi.
Bugungi bola dars nima uchun kerakligini bilishni, foydasini darhol ko‘rishni xohlaydi. Agar dars foydasiz ko‘rinsa — e’tibor yo‘qoladi. Dinaevning aytishicha, bu bolalarning raqamli dunyoda yashayotgani bilan bog‘liq. Internet, YouTube, ijtimoiy tarmoqlar — bularning barchasi o‘qituvchiga kuchli raqobatchidir.
Shuning uchun u sun’iy intellektdan cho‘chimaydi. Aksincha, yangi texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlab, ta’lim ilovalari yaratadi. SI repetitorlar allaqachon individual o‘quv dasturlarini taklif qila oladi.
AQShda 22 000 o‘quvchi orasida o‘tkazilgan tadqiqot shuni ko‘rsatdiki: bolalar maktabda asosan salbiy his-tuyg‘ular — zerikish, charchoq, g‘azab, xafa bo‘lishni — his qilishadi. Faqat 5-o‘rinda quvonch qayd etilgan.
Dinaev fikricha, bu butun dunyo maktablarida umumiy muammo. Bola darsda kulishni, zavqlanishni, ilhomlanishni istaydi. Sankt-Peterburg universiteti tadqiqotiga ko‘ra, ideal o‘qituvchi — “hazilkash va qiziqarli” bo‘lishi kerak.
Hozir mashhur nazariyaga ko‘ra, bolada ichki motivatsiya uch narsa mavjud bo‘lsa paydo bo‘ladi: bog‘liqlik (guruh bilan aloqadorlik), mustaqillik (qaror qabul qilish erkinligi) va kompetentlik (o‘zini bilimli his qilish).
Shuning uchun uy vazifasini ham tanlov asosida taklif qilish mumkin: kimdir prezentatsiya tayyorlaydi, kimdir rasm chizadi yoki infografika tuzadi. Muallim nazoratni emas, ilhom va erkinlikni taqdim etsa — ideal dars yuzaga keladi.
Dinaev sun’iy intellektni ta’limga jalb qilish tarafdori. Unga ko‘ra, o‘qituvchining vazifasi endi faqat dars o‘tish emas, balki har bir o‘quvchi uchun individual o‘quv yo‘lini yaratishdir.
“Men o‘ylaymanki, sun’iy intellekt oxir-oqibat bizni almashtiradi,” — deydi u.
Ammo u o‘qituvchisiz ta’limni to‘liq tasavvur qilmaydi. Chunki bolaga o‘qituvchi bilan muloqot qilish, mustaqil bo’lish va o‘zini qadrli his qilish tuyg’usini beradi.. Shu bois, hatto eng ilg‘or texnologiyalar ham o‘qituvchining o‘rnini to‘liq bosa olmaydi.
Alixan Dinaev ta’lim haqidagi qarashlari bilan shuni ko‘rsatadiki, maktab zamonaviy bolalarga quvonch, ijod, mustaqillik va bog‘lanish hissini berishi kerak. Shundagina maktab bolalarni zeriktirmaydi, balki ularni bilimga oshno qiladi.
