7-15 yosh oralig’idagi bolalarni o’qishga bo’lgan motivatsiyasini qanday uyg’otish mumkin?

7-15 yosh oralig’idagi bolalarni o’qishga bo’lgan motivatsiyasini qanday uyg’otish mumkin?

Zamonaviy texnologiyalar bolalarning hayotiga chuqur kirib kelgan. Kompyuter o‘yinlari nafaqat ko‘ngilochar vosita, balki ko‘plab bolalar uchun asosiy qiziqish manbaiga aylangan. Afsuski, ba’zan bu o‘yinlar o‘quv jarayoniga bo‘lgan qiziqishni so‘ndiradi. Ko‘pchilik ota-onalar “Farzandim faqat o‘yinlarga qiziqadi, o‘qishga esa umuman e’tibor bermaydi” degan shikoyat bilan murojaat qilishadi. Ammo bu muammoning yechimi faqat gadjetlarni olib qo‘yish emas. Muammoni chuqurroq tushunish va bolaning yoshiga mos psixologik yondashuv zarur.

 

 

Bu holat xavotirli tuyulishi mumkin, lekin bu darhol yomon degani emas. Muhimi — bolaning ruhiy holatini, motivatsiyasini va ehtiyojlarini to‘g‘ri tushunish.
Psixologiya fanlari nomzodi, Moskva shahar psixologiya-pedagogika universiteti dotsenti Yuliya Perepravina bu borada ota-onalarga quyidagicha tavsiyalar beradi:

 

 

Har bir yosh bosqichining o‘z ehtiyoji bor

 

7–11 yosh oralig‘i bu davrda o‘qishga bo‘lgan qiziqishni yo‘qotmaslik juda muhim. Chunki aynan shu yoshda o‘quv faoliyati bolaning asosiy rivojlanish manbai hisoblanadi. Ammo bu qiziqish osonlik bilan pasayib ketishi mumkin — masalan, darsdagi qiyinchiliklar, fanlardagi tushunmovchilik yoki haddan tashqari yuklama bunga sabab bo‘ladi.

 

 

Shu nuqtada kompyuter o‘yinlari ham foydali bo‘lishi mumkin. Ko‘pchilik bolalar o‘yinlar orqali yangi bilim va ko‘nikmalarni egallaydi. Masalan: mantiqiy fikrlash, tez qaror qabul qilish, strategik rejalashtirish bunga misoldir.

 

 

Bu yoshda bolada o’qishga bo’lgan motivatsiyasini qanday oshirish mumkin?

 

 

– Bolaning tushunmagan mavzulari bo‘yicha suhbat qurish;

 

– Interaktiv usullarni qo‘llash. Masalan, bolalar uchun mos videodarslarni ko’rish, ekskursiyalarni tashkil qilish;

 

– Farzand bilan birga vaqt o’tkazish — bu eng kuchli turtkidir.

 

 

12–15 yosh oralig’i

 

Bu yoshdagi bolalar uchun asosiy ehtiyoj — tengdoshlar bilan muloqotdir. Kompyuter o‘yinlari bu ehtiyojni qondirish vositasi sifatida ishlaydi: ular suhbatlashadi, tajriba almashadi, yutuqlarini solishtiradi. Ammo agar bola real hayotda muloqotda qiynalayotgan bo‘lsa, o‘yinga haddan tashqari chuqur sho‘ng‘ib ketishi mumkin. Chunki u o‘yinda o‘zini “muvaffaqiyatli”, real hayotda esa “omadsiz” his qilmoqda.

 

 

Bunday holatda nima qilish kerak?

 

 

– Sababni aniqlang. Bola maktabda o‘zini qanday his qilayapti? Do‘stlari bormi?

 

– Ochiq suhbat. Uning fikrini tinglang, hukm qilmang.

 

– Birgalikda yechim izlang.

 

 

Kompyuter o‘yinlariga oddiy qiziqish bilan qaramlik o‘rtasida farq bor. Mutaxassislar quyidagi belgilarni qaramlik alomati deb hisoblaydi:

 

 

– O‘yinlarni doimiy o’ynash;

 

– O‘zini nazorat qila olmaslik;

 

– O‘yin o’ynamayotgan vaqtda qattiq asabiylashish, jismoniy va ruhiy noqulaylik;

 

– O‘yin vaqtining doimiy ortib borishi;

 

– O‘yin tufayli boshqa faoliyatlardan voz kechish;

 

– Salbiy oqibatlarga qaramay, o‘yinda davom etish.

 

 

Agar bu belgilar mavjud bo‘lsa, professional psixologga murojaat qilish tavsiya etiladi. Mutaxassis bolaning o‘zini anglashiga yordam beradi, fikrlash tarzini ijobiy tomonga o‘zgartiradi, muloqot va rejalashtirish ko‘nikmalarini rivojlantiradi.

 

 

Farzandingiz kompyuter o‘yinlariga qiziqayotgan bo‘lsa, bu holatni tahdid sifatida emas, balki uning ichki ehtiyojlarini anglash imkoniyati sifatida qabul qilish kerak. Uni tushunishga, eshitishga, uning dunyosiga kirishga harakat qiling. Shundagina u o‘qishning ham foydali va qiziqarli ekanini o‘zi tushunib yetadi.