Yaponiyaning nufuzli Matsumae xalqaro tashkiloti tomonidan xorijiy olim va izlanish olib boruvchilar uchun almashinuv dasturi e’lon qilindi. Ushbu imkoniyat, ayniqsa tabiiy fanlar, muhandislik, tibbiyot va boshqa ilmiy sohalarda faoliyat yuritayotgan yosh olimlar uchun mo‘ljallangan.
Dastur haqida umumiy ma’lumot
Matsumae Xalqaro Jamgʻarmasining (MIF) maqsadi — irqi, jinsi, dini yoki mafkurasidan qatʼi nazar, yuqori akademik qobiliyatga ega boʻlgan chet ellik tadqiqotchilarga Yaponiyada ilmiy faoliyat olib borish imkoniyatini berish va Yaponiyaning ilmiy rivojlanishga hissa qoʻshish, shuningdek, xalqaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlash hisoblanadi.
Davomiylik: 3 yoki 6 oylik;
Qabul soni: 15 ta
Stipendiya miqdori: Oyiga 220,000 yapon iyenasi (~$1,400)
Qo‘shimcha mablag‘lar:
Yaponiyaga kelish va yashash uchun — 120,000 iyena (~$770)
Aviachipta, sayohat va sog‘liqni sug‘urtasi — to‘liq qoplanadi
Madaniy dasturlar: Ishtirokchilar uchun Yaponiyaning madaniy meros ob’ektlariga ekskursiyalar tashkil etiladi
Eslatma: Dastur tadqiqotchining viza xarajatlarini, oilasi boʻlsa ularning Yaponiyaga kelish xarajatlarini moliyalashtirmaydi.
Ariza topshirish muddati:
2025-yil 1-iyun — 30-iyun (Yaponiya vaqti bo‘yicha)
Kimlar murojaat qilishi mumkin?
Yaponiyalik bo‘lmagan, doktorantura bosqichini tugatgan tadqiqotchilar;
Nomzodlar 45 yoshdan kichik bo‘lishi (1980-yildan keyin tug‘ilganlar);
Ingliz yoki yapon tilida erkin muloqot qila olish;
Tadqiqot olib borish uchun Yaponiya universiteti yoki ilmiy markazidan taklif xatini olgan bo‘lishi;
Asosiy ustuvorlik — tabiiy fanlar, tibbiyot, texnika va muhandislik sohalaridagi tadqiqotchilarga beriladi;
Dastur yakunlangach, ishtirokchi o‘z mamlakatiga qaytishi va o‘rgangan tajribalarini almashishi kerak.
Kerakli hujjatlar:
1. Ariza shaklini toʻldirish.
2. Tadqiqot rejasi.
Yaponiyada chop etilishi maqsad qilingan tadqiqot rejasining PDF shakli.
3. CV.
Bunda asosan ilmiy ishlari va erishgan yutuqlariga urgʻu berish maqsadga muvofiq.
4. Tavsiyanoma xati.
Hozirda faoliyat olib borayotgan muassasa rahbari yoki tadqiqotchisi tomonidan yozilishi kerak.
5. Bakalavr, magistratura, doktorantura diplomlari, ilmiy sertifikatlar nusxasi.
Barcha hujjatlar ingliz tiliga notarial tarjima qilishi kerak, nomzodning oʻzi qilgan tarjimalar hisobga olinmaydi.
6. Qabul qilinganlik haqida xat (Invitation Letter).
Xatda nomzod tadqiqot olib boradigan muassasa rahbarining imzosi boʻlishi, ular nomzodning tadqiqot rejasi bilan tanishib chiqib rozilik bildirganligi haqida maʼlumot koʻrsatilishi kerak.
Hujjatlarni yuborish
Barcha hujjatlar ingliz tilida PDF shaklida elektron pochta orqali yuborilishi kerak.
Elektron pochta manzili: application@mif-japan.org
5 MB dan katta, PDF shaklidan boshqa shaklda yuborilgan, masalan, “rar”, “zip” umuman qabul qilinmaydi.
Natijalar 2025-yil noyabr oyida MIF saytida eʼlon qilinadi.
Ushbu sayt orqali batafsil tanishib chiqishingiz mumkin.
