Bahorgi attestatsiyadan boshlab pedagog xodimlarga 70 foizlik ustama beriladimi?

Bahorgi attestatsiyadan boshlab pedagog xodimlarga 70 foizlik ustama beriladimi?

Xabar qilganimizdek, pedagog xodimlarga 70 foizlik ustama berish tartibi tasdiqlandi. Ammo hali Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining pedagog kadrlarga malaka toifasini berish tizimi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilmagan va o’zkazish bo’yicha ishlar olib borilmoqda. Bu haqda Bu haqda Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri oʻrinbosari Sardor Rajabov AOKA da bo’lib o’tayotgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.

 

 

Ma’lumotlarga ko’ra, ushbu tizim xalqaro akkreditatsiyadan o‘tsa, shundan keyingina ushbu talablar asosida oliy va birinchi malaka toifasini olgan (yoki saqlagan) hamda 86 ballik natijani qayd etgan pedagoglar 70 foizlik ustama olishlari mumkin bo‘ladi.

 

 

«Attestatsiya tizimini xalqaro akkreditatsiyadan o’tkazish ishlari olib borilmoqda va bahorgi attestatsiyani akkreditatsiyadan o’tkazib, bu jarayonni yakunlashga ulguramiz. Akkreditatsiyadan o’tkazish oson ish emas, uni ko’rish, tahlil qilish kabi juda katta ishlar olib borilmoqda», – dedi vaziri oʻrinbosari Sardor Rajabov.

 

 

Shunday ekan, 70 foizlik ustama berish tartibi amalda mavjud bo‘lsa ham, lekin tizim hali xalqaro akkreditatsiyadan o‘tmaganligi uchun pedagoglarga ustama to‘lab bo‘lmaydi.

 

 

Pedagoglar navbatdan tashqari attestatsiyaga to‘lov qilsa, ammo xalqaro akkreditatsiyadan o’tkazish ishlari yakunlanmay qolsa, puliga kuyib qoladimi?

 

 

 

Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi 572-son qarori bilan tasdiqlangan nizomning 21-bandida pedagog kadrlarni navbatdan tashqari attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari miqdorida (340 ming so‘m) yig‘im undirilishi nazarda tutilgan.

 

 

Agar pedagog xodimlar bahorgi attestatsiyada 70 foizlik ustama berish tartibi joriy qilinishi mumkinligini taxmin qilgan holda, navbatdan tashqari attestatsiyaga ariza yuborib, to‘lovni amalga oshirsa-yu, ammo 70 foizlik ustama berish tartibi bahorgi attestatsiyadan boshlab amaliyotga joriy qilinmasa, amalga oshirilgan to‘lovlar pedagog xodimlarga qaytarilmaydi.

 

 

Navbatdagi bahorgi attestatsiyada ishtirok etish kerakmi?

 

1. Pedagog xodimlar navbatdan tashqari bahorgi attestatsiyadan o‘tib olsa va bu orada tizim xalqaro akkreditatsiyadan o‘tib qoladigan bo‘lsa, attestatsiyada oliy va birinchi malaka toifasini olgan (yoki saqlagan) hamda 86 ballik natijani qayd etgan pedagoglar 70 foizlik ustamaga ega bo‘lishlari mumkin.

Ammo yuqorida ta’kidlab o‘tganimizdek, bahorgi attestatsiyaga qadar tizim xalqaro akkreditatsiyadan o‘tib ketishiga hech kim aniq kafolat bermaydi.

 

 

 

 

2. Endi yangi o‘quv yilidan boshlab vazir jamg‘armasidan har oylik ustama olish uchun nomzodlar ro‘yxati avvalgidek hududiy kengashlar tavsiyasi asosida shakllantirilmaydi.

Endilikda, attestatsiya test sinovlarining birinchi bosqich natijalariga ko‘ra umumiy ballning kamida 80 foizini qo‘lga kiritgan fan o‘qituvchilari orasidan eng yuqori natijani ko‘rsatgan uchta nomzod (hududlar kesimida fan yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimlangan har bitta kvota uchun) vazir ustamasiga tavsiya etilishi uchun tanlab olinadi.

Ya’ni, keyingi o‘quv yilidan boshlab, vazir ustamasini olish uchun attestatsiya test natijalari hisobga o‘taveradi. Shu sababli, 2026-yilda vazir jamg‘armasidan ustama olmoqchi bo‘lgan nomzodlar joriy yildagi malaka sinovlarida ishtirok etishlari kerak bo‘ladi.

Umuman olganda, navbatdan tashqari bahorgi attestatsiya natijalari 6 mln so‘mlik vazir ustamasini olish uchun ham asos bo‘ladi.

 

 

 

3. Shuningdek, “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan uchrashuvda endilikda “Yil o‘qituvchisi” tanlovi o‘tkazilib, 208 ta tuman va shahardan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchilarga Prezident sovg‘asi sifatida uy-joy berilishi aytilgandi.

Hozirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Yil o‘qituvchisi” tanlovini o‘tkazish tartibi ishlab chiqilgan bo‘lib, Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazilishi kutilmoqda.

“Yil o‘qituvchisi” tanlovi shartlariga ko‘ra, ushbu tanlovda ham oliy hamda birinchi malaka toifasiga hamda 5 yillik ish stajiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar ishtirok eta olishi mumkinligi belgilanmoqda.

Shu sababli, pedagog kadrlar “Yil o‘qituvchisi” tanlovida ishtirok etish uchun ham bahorgi attestatsiyada ishtirok etishlari tavsiya qilinadi.

Attestatsiya va Vazir jamgʻarmasiga oid namunaviy testlarni quyidagi botlar yordamida bepul bajarishingiz mumkin:

 

O’zbek tilida: https://t.me/uztditestbot
Rus tilida: https://t.me/uztditest_rusbot
Qoraqalpoq tilida: https://t.me/uztdi_qrtestbot