Kun.uz ning xabar berishicha, 22 yoshli fargʻonalik yigit Rossiya armiyasi safida 2023-yil 13-oktyabr kunidan 2024-yil 10-fevralgacha Luhansk va Doneskdagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Tan jarohati olib, gospitalda davolanib chiqqach komandirining turli xil haqoratomuz soʻzlari sabab Oʻzbekistonga qaytgan. U sudda onkologik kasallikka chalingan onasini davolatish va operatsiya qildirish uchun shu ishga qoʻl urganini aytgan.
Qoʻshtepa tumanida Rossiya armiyasiga yollanib, Ukrainaga qarshi harbiy harakatlarda qatnashgan yigit jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishgan.
Sud hukmida keltirilishicha, 2002-yil Qoʻshtepa tumanida tugʻilgan A.X 2022-yil 30-noyabr kuni oʻqish maqsadida Rossiya Federatsiyasining Moskva shahriga borgan. Xususiy oliy taʼlim muassasalaridan birida tahsil olib yurgan A.X. moddiy manfaatdorlik evaziga Rossiya armiyasiga yollangan. U 2023-yilning 23-avgust kuni Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun oyiga 350-400 ming rubl haq evaziga Rossiya Qurolli kuchlari bilan bir yil muddatga shartnoma tuzgan. Soʻngra A.X. 2023-yil 13-oktyabr kunidan 2024-yil fevral oyiga qadar 4 oy davomida Luhansk va Donesskdagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan.
A.X. sudda aybiga toʻliq qiror boʻlgan.
“2021-yilning sentyabr oyi oxirlarida Moskva shahridagi xususiy oliy taʼlim muassasasiga oʻqishga kirdim. Oʻqish davomida mavsumiy ishlar bilan ham shugʻullanib keldim. 2023-yil taxminan yoz oylarida politsiya yashash hujjatlarim yoʻqligi sababli ushlab, Moskva shahridagi politsiya boshqarmasiga olib bordi. U yerda hujjatlarim yoʻqligini, Rossiyadan deport qilinishimni, jinoyat ishi qoʻzgʻatilishini yoki armiya safiga qoʻshilsam Rossiya fuqaroligi berilishini taklif qilishdi. Oʻz ixtiyorim bilan rozi boʻldim.
Politsiya xodimlari menga chaqiruv qogʻozi berishdi. 2023-yil 17-avgust kuni chaqiruv qogʻozi bilan Moskva shahridagi “Yablochko” chaqiruv punktiga borib, Rossiya Qurolli kuchlari tarkibida Ukrainaga qarshi jangovar harakatlarda qatnashish uchun bir yillik shartnoma tuzdim. Chaqiruv punktida koʻrikdan oʻtib, Moskva viloyatidagi vaqtinchalik saqlash lageriga yuborildim. Shartnoma boʻyicha oylik ish haqim 195 000 rubl atrofida boʻlgan.
Keyin Samara viloyati Tolyatti shahridagi harbiy qismga yuborildim. Harbiy qismda menga Rossiya Qurolli kuchlari harbiy guvohnomasi berildi. U yerda bir yarim oy harbiy tayyorgarlikdan oʻtganimdan soʻng, boshqa shaxslar bilan birga, 2023-yil 10-oktyabr kuni Rossiya-Ukraina chegarasi yaqinidagi lagerga joylashtirildik. 2023-yil 13-oktyabr kuni men va boshqa shaxslarni Luhansk shahridagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun olib borishdi. U yerda toʻrt oy davomida harbiy harakatlarda ishtirok etib, 2024-yil 10-fevral kuni Donesk viloyatiga bordik. Harbiy harakatlarda olgan tan jarohatlari sababli 2024-yilning 26-fevral kuniga qadar Donesk shahridagi gospitalda davolandim”, deya koʻrsatma bergan sudlanuvchi.
Shundan soʻng A.X. Tolyatti shahridagi harbiy qismga borgan. Harbiy harakatlarda qatnashganligi uchun berilgan mablagʻga mashina va Tolyatti shahridan ipoteka krediti asosida kvartira sotib olgan. Shuningdek, unga medal va Rossiya fuqaroligi berilgan.
A.X. 2024-yilning 14-sentyabr kuni mashinani nomiga oʻtkazib olish maqsadida harbiy qism hududidan yashirincha chiqqan. Shunda Andrey ismli komandiri qoʻngʻiroq qilib, uni haqoratlagan. U esa shartnomani bekor qilishini aytib, mashinasida Oʻzbekistonga qaytgan.
Yigit onkologik kasallikka chalingan onasini davolatish va operatsiya qildirish uchun pul zarur boʻlganligi sababli noilojlikdan shu ishga qoʻl urganini, qilmishidan pushaymonligini bildirgan hamda suddan oʻziga yengillik berishni soʻragan.
Sud hukmi bilan A.X. Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismida (yollanish) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etishda aybli deb topilgan. Unga 5-yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan tayinlangan jazo shartli hisoblanib, 3-yil sinov muddati belgilangan.