Yangilangan Konstitutsiyamiz normalari hayotimizga tatbiq etilmoqda

Mamlakatimizda oʻtgan oktyabr va noyabr oyi siyosiy voqeliklarga boy boʻldi. Yaʼni, oktyabrda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy Kengashlar deputatligiga saylov boʻlib oʻtgan boʻlsa, noyabr oyi ikkinchi oʻn kunligida Prezidentimiz xalq vakillari – parlament aʼzolari bilan uch marotaba uchrashib, mamlakatimiz taraqqiyotiga oid hayotiy muhim masalalar yuzasidan muloqot qildi.

 

Mazkur muloqotlarni, parlament aʼzolari bilan muhokama etilgan barcha tashabbus va rejalarni, ularda ilgari surilgan gʻoya, maqsad va vazifalarni, mohiyatan Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga navbatdagi Murojaatnomasi boʻldi, deyish mumkin. Shuningdek, mazkur jarayonlarni xalqimiz, butun jamoatchilik ijtimoiy tarmoqlar orqali katta qiziqish bilan kuzatdi.

 

Prezidentimizning 8-dekabr – Konstitutsiya kuni munosabati bilan xalqimizga yoʻllagan bayram tabrigi esa ana shu siyosiy voqeliklarning yana bir uzviy davomi boʻldi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

 

Yurtboshimiz oʻz tabrigida bu yilgi Konstitutsiya bayramining yuqoridagi siyosiy jarayonlar bilan uygʻun tarzda alohida ruhi va shukuhi borligini urgʻulab, mazkur ayyomning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotimizda katta oʻzgarishlar amalga oshirilayotgan tarixiy bir sharoitda oʻtayotgani bilan bogʻliq ekanini taʼkidladi.

 

Avvalo, shuni alohida eʼtirof etish joizki, Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasining birinchi majlisida quyi palataning kelgusi besh yillikdagi eng ustuvor vazifalari yuzasidan qayd etib oʻtgan muhim tashabbus va xalqchil takliflari mamlakatimiz parlamenti faoliyatini yangi bosqichga olib chiqadi. Yurtboshimiz nutqi nafaqat xalq vakillari, balki barcha jabhalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklaydi.

 

Tabrikda ana shu jihatlar yana bir bor tilga olib oʻtildi.

“Biz “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, degan konstitutsiyaviy prinsipga amal qilgan holda, parlament va mahalliy kengashlar vakolatlarini kengaytirish, ularning faolligini yanada oshirish, samarali faoliyat koʻrsatishlari uchun zarur sharoitlarni yaratish, bir soʻz bilan aytganda, ularni chinakam xalq ovoziga aylantirishga qaratilgan islohotlarimizni qatʼiy davom ettiramiz”, — deyiladi Davlatimiz rahbari tabrigida.

 

Shuningdek, mamlakatimizda erishilayotgan olamshumul yutuqlar va oʻzgarishlar haqida soʻz borib, taʼlim, xususan, oliy taʼlim sohasidagi islohotlar ham alohida eʼtirof etildi.

 

Jumladan, taʼlim sohasidagi dasturlar doirasida yaqin yillarda oliygohlarda qamrov 50 foizga yetkazilishi, birgina 2025-yilda bogʻcha va maktablarni taʼmirlash va yangilarini qurish uchun davlat byudjetidan 4 trillion soʻm mablagʻ ajratilishi taʼkidlandi.

 

Darhaqiqat, mamlakat kelajagi, barcha soha va loyihalar muvaffaqiyati bilimli insonlarga bogʻliq. Shu bois, keyingi yillarda taʼlim, xususan, oliy taʼlim sifati va samaradorligini oshirish borasida qator ijobiy natijalarga erishildi.

 

Jahonda globallashuv jarayonlarining jadallashuvi, jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining barcha jabhasiga raqamli texnologiyalarning kirib borishi, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish borasida hukumatlar tomonidan intilishlarning kuchayishi, oʻz navbatida, oliy taʼlim samaradorligini oshirish masalalariga ham taʼsir koʻrsatmasdan qolmaydi. Bunday sharoitda fan, taʼlim va ishlab chiqarishning oʻzaro uygʻunligini taʼminlashga katta ehtiyoj seziladi.

 

 

Fan, taʼlim va ishlab chiqarish oʻrtasidagi integratsiya jarayonlari, birinchidan, tejamli va samarali hisoblansa, ikkinchidan, ilmiy-texnik taraqqiyotni tezlashtiradi, uchinchidan, nafaqat muayyan mamlakat, balki butun dunyo hamjamiyatining fan va oliy taʼlimi intellektual salohiyatidan oqilona foydalanish imkonini beradi.

 

Oxirgi yetti yilda mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan oliy oʻquv yurtlari soni 77 tadan 211 taga yetdi, 30 ga yaqin xorijiy oliy taʼlim muassasalarining faoliyati yoʻlga qoʻyildi, xususiy sektorga katta imkoniyatlarning taqdim etilishi natijasida xususiy oliygohlar soni oshdi. Qamrov darajasi kengaydi. 2030-yilgacha boʻlgan muddatda oliy taʼlim bilan qamrov darajasini 50 foizga yetkazish koʻzda tutilgan boʻlib, tabrikda bu masala alohida tilga olindi.

 

Oliy taʼlimda faoliyat olib borayotgan soha xodimi sifatida oliy taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning samarasi oʻlaroq, 2024-yilda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va Oʻzbekiston Milliy universiteti “QS World University Rankings” xalqaro reyting agentligi tomonidan eʼlon qilib boriluvchi “TOP – 500” oliy taʼlim muassasalari qatoridan oʻrin egallagani meni juda mamnun etdi. Bu biz faoliyat yuritayotgan oliygohlarni ham raqobatga chorlab, ulardan-da ulkanroq yutuqlarga erishishga undaydi, shaksiz.

 

Bugun jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti oliy oʻquv yurti bitiruvchilari oldiga yangi talablarni qoʻymoqda. Ularning kasbiy koʻnikmalari va malakasi oʻqitishning ilmiy asoslari, oʻzgaruvchan iqtisodiy shart-sharoitlarga moslasha olish qobiliyati, oʻz bilimlarini muttasil boyitib borish va ulardan ijodiy foydalanish qobiliyatlari bilan belgilanadi. Bugungi kunda zamonaviy mutaxassis oʻz maqsad, vazifa va xatti-harakatlarini oʻzga insonlarning maqsad, vazifa va intilishlari bilan muvofiqlashtira olishi lozim.

 

Mamlakatimiz oliy taʼlim tizimida fan, taʼlim va ishlab chiqarish uygʻunligini taʼminlash, oliy taʼlim bitiruvchilarining raqobatbardoshligini oshirish borasida Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari, meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilingan boʻlib, ularda fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasini taʼminlashning mexanizmlari koʻrsatib berilgan. Shu bilan birga, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida iqtisodiyotning eng tez oʻsib borayotgan yoʻnalishlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish, “korxona – oliygoh – ilmiy tadqiqot” klaster tizimini joriy etishga alohida urgʻu berilgan.

 

“Fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasi mahalliy korxonalar va xorijiy raqobatchilar oʻrtasidagi texnologik tafovutni bartaraf etish, sohaga investitsiyalar oqimini koʻpaytirish, shuningdek, mamlakat iqtisodiyotini innovatsion rivojlantirishning asosiy mexanizmi sifatida xizmat qilishi lozim. Shundan kelib chiqqan holda, bu borada xorijiy tajribalarni oʻrganish biz uchun katta ahamiyat kasb etadi.

 

Xalqaro amaliyot koʻpgina rivojlangan davlatlarda oliy taʼlim tizimida kadrlar tayyorlash “fan – taʼlim – ishlab chiqarish” integratsiyasini amalga oshiruvchi tizimga asoslangani, shuningdek, nazariy taʼlimni amaliyotga yaqinlashtirish, yuqori malakali kadrlarga ehtiyojni qondirishga qaratilayotgani bilan tavsiflanadi.

 

Va albatta, bu jarayonda bizning universitet ham oʻzining tashabbuslari, izlanishlari, ilmiy yutuqlari bilan aynan integratsiyalashuv jarayoniga munosib hissasini qoʻshadi.

 

Shu oʻrinda yana bir muhim jihat – ijtimoiy davlatga xos yondashuv — taʼlim sohasi boʻyicha ham Konstitutsiyaning koʻpgina moddalarda oʻz ifodasini topganini qayd etishni xohlardim. Jumladan, yoshlarning oliygohlarda davlat hisobidan grant asosida oʻqish huquqi Konstitutsiyada belgilandi. Bu – oliy taʼlimda hamisha davlat granti uchun kvotalar ajratiladi, deganidir.

 

Shu bilan birga, nogironligi bor bolalarga oʻz tengdoshlari bilan bir xil taʼlim olishi uchun sharoitlar yaratish, yaʼni inklyuziv taʼlim tizimini rivojlantirish boʻyicha davlat oʻziga majburiyat oldi.

 

Albatta, bularning barchasi Asosiy Qonunimiz muqaddimasida belgilanganidek, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanishini kafolatlaydi.

 

Shuningdek, yoshlarimiz masalasiga ham ahamiyat qaratilib, ularning taʼlim olishi, ijtimoiy va tibbiy himoyasi, uy-joyli boʻlishi, bandligi uchun shart-sharoitlar yaratish – davlatning konstitutsiyaviy majburiyati ekanligi belgilandi.

 

Shu oʻrinda qayd etish joizki, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2025-yilni yurtimizda “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”, deb eʼlon qilinishi, buni bayram tabrigida yana bir bor taʼkidlashida katta maʼno bor. Bu yil ekologik muammolarni bartaraf etish, tabiatni muhofaza qilish boʻyicha milliy dasturlarni amalga oshirish bu borada qonunchilikni takomillashtirish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish kabi muhim vazifalarni belgilab beradi va mamlakatimizning xalqaro maydonda ekologik masalalar boʻyicha tashabbuslarini roʻyobga chiqarishga xizmat qiladi.

 

Davlat rahbari Murojaatnomasi hamda bayram tabrigida masʼuliyat va jonkuyarlik bilan tinchlikning naqadar zarurligini yana bir bor ulugʻlar ekan, bu avvalo, mintaqa xavfsizligini taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Ayniqsa, dunyoda ekologik va texnogen fojialar, qochoqlar muammolari tobora kuchayib borayotganini alohida taʼkidlangani barchamizni masʼuliyatli boʻlishga chaqiradi.

 

Bu kabi salbiy holatlarni ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar orqali kuzatyapmiz. Bunday sharoitda yurtimizda tinchlikni saqlash, keskin vaziyatda kuchli iroda, birlik va hamjihatlikni taʼminlashda shu zaminni muqaddas bilguvchi barcha-barchaning masʼuliyati alohida qayd etilgani ham amaliy, ham maʼnaviy ahamiyatga ega.

 

Albatta, bunday vaziyatga obyektiv baho berishni, uning barcha jihatini vatanparvarlik ruhida his etish hamda shunga mos qonunchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyishni kun tartibimizdagi muhim vazifaga aylantirmogʻimiz shart. Shu bilan birga, keng jamoatchilik orasida, ayniqsa, yoshlarimiz bilan muloqotlar olib borganda milliy manfaatlarimiz uchun nima yaxshi-yu nima yomon ekanini anglatishimiz zarur.

 

Barchamiz Prezidentimizning yanada ogoh va hushyor boʻlish, siyosiy iroda va madaniyatimizni yangi bosqichga olib chiqish, tinch-totuvlikni, xalqimiz osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan gʻoyalari atrofida birlashib, ish olib borishimiz kerak. Zero, davlatimiz rahbari aytganidek,

“Biz bir boʻlsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!”.

Boymirzayev Karimjon Mirzaxmedovich,

“University of Business and Science” rektori,

Geografiya fanlari doktori, Professor

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры