Xabaringiz bor, ijtimoiy tarmoqlarda Oqqo‘rg‘on tumani 6-sonli umumta’lim maktabida o‘qituvchi tomonidan o‘quvchi kaltaklanganligi haqida xabarlari tarqalgani haqida ma’lum qilgan edik.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati ma’lumot berdi.
Xabarga ko’ra, vaziyat joriy yilning 9-oktyabr kuni soat 13:30 -14:00 atrofida maktab sinf xonasida sodir bo‘lgan. Holat dars xonasidagi kuzatuv kameralariga tushgan. Unda Katta yoshli yigit, o‘quvchi bolani ortidan kelib, sinf xonada kaltaklagan.
Holat viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi hamda tuman bo‘limi tomonidan ishchi guruh tuzilib, nazoratga olinib, holat mas’ullar tomonidan batafsil o‘rganilgan.
Ma’lum bo‘lishicha, videotasvirlardagi katta yoshli yigit ushbu maktabning informatika fani o‘qituvchisi M.A bo‘lib, o‘quvchi esa maktabning 9-sinf o‘quvchisi O.S lardir. O‘quvchi O.S, dars vaqtida o‘qituvchiga nisbatan hurmatsizlik ko‘rsatgani, o‘quvchilarga darsni o‘zlashtirishda xalaqit berganligi sababli, o‘qituvchi M.A tomonidan bir necha bor ogohlantirilgan. Shunga qaramay O.S turli ko‘rakda turmaydigan so‘zlar bilan o‘qituvchini haqorat qilgan.
Natijada o‘qituvchi M.A dars tugagach o‘quvchini jazolamoqchi bo‘lgan va ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan holat yuzaga kelgan.
Holatni shu kunning o‘zida maktab ma’muriyati nazoratga olgan, o‘qituvchining xatti-harakatini qoralab, unga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan. O‘quvchining ota-onasi ham maktabga chaqirilgan, ogohlantirilgan.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot, o‘quvchi O.S sentyabr oyida ham maktabda tartibsizlik qilganligi sababli uning ota-onasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasida belgilangan tartibda javobgarlikka tortilgan.
Ayni paytda, o‘quvchi maktabning ichki nazoratiga olingan o‘quvchilar ro‘yxatida turishi ma’lum qilindi.