Bir oʻquvchining ikkinchisiga tan jarohati yetkazishi, haqoratli soʻzlar ishlatishi va boshqa bezoriliklar boʻlgani sabab oʻquvchilar maktab hududida oʻzini xavfsiz his qilmaydi.
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutining Kun.uzga bergan ma’lumotlariga koʻra, bulling turlari orasida tovlamachilik oʻquvchilarning akademik natijalariga eng katta taʼsir qiluvchi holat hisoblanadi. Bu matematika, oʻqish va tabiiy fanlardan oladigan baholar pasayishiga sabab boʻlishi aytilmoqda. Institut ayni muammoga yechim sifatida oʻz takliflarini ham keltirdi.
2022-yilda Oʻzbekiston maktablari 15 yoshli xalqaro oʻquvchilarning bilimini baholash boʻyicha dastur – PISA imtihonlarida ilk marta ishtirok etib, 81 ta mamlakat orasida matematika boʻyicha 72-oʻrinni, tabiiy fanlar va oʻqish savodxonligi yoʻnalishlarida esa 80-oʻrinni egallagan. Unda 202 ta maktabdan 7 293 nafar oʻquvchi ishtirok etgan.
Hozirgi dunyoda deyarli mukammal hisoblangan bu dastur doirasida nafaqat taʼlimiy koʻnikmalar, balki boshqa yoʻnalishlarda ham oʻquvchilarga oid koʻrsatkichlar, jumladan, bolalarning qay darajada bulling yoki zoʻravonlikka uchrashi ham eʼlon qilingan.
Maktab boshqaruv xodimlari orasida oʻtkazilgan soʻrovnomaga koʻra, sababsiz dars qoldirish (26 foiz), spirtli ichimliklar yoki taqiqlangan dori vositalarini isteʼmol qolish (26 foiz) hamda oʻqituvchilarning darsga yaxshi tayyorgarlik koʻrmasligi (25 foiz) maktabda oʻquvchilarning taʼlim olishiga jiddiy salbiy taʼsir qiladi.
Shuningdek, maktab muhitiga aloqador boshqa omillar, masalan, oʻquvchilarning boshqa oʻquvchilarni qoʻrqitishi yoki zoʻravonlik qilishi (20 foiz) hamda oʻqituvchilarning oʻquvchilarga nisbatan juda qattiqqoʻl boʻlishi (8 foiz) ham taʼlim jarayoniga salbiy taʼsir oʻtkazishi mumkinligi aniqlangan.
Maktabda oʻzini xavfsiz his qilish
Maktabdagi muammolardan yana urishqoqlik (31 foiz), bir oʻquvchining ikkinchi oʻquvchiga tan jarohati yetkazishi (21 foiz), haqoratli soʻzlar ishlatishi (21 foiz) va bezorilikka aloqador boshqa illatlar ham borligi aniqlangan.
Oʻquvchilar koʻproq oʻzlarini maktab hududida xavfsiz his etmasligini aytib oʻtgan. Masalan:
– yoʻlak, oshxona, hojatxonada – 20 foiz (IHTTda oʻrtachasi – 10,1 foiz, PISA oʻrtachasi – 12,5 foiz, Qozogʻiston – 14,2 foiz);
– maktabdan uyga qaytish yoʻlida – 15 foiz (IHTTda oʻrtachasi – 8,5 foiz, PISA oʻrtachasi – 10,2 foiz, Qozogʻiston – 13,5 foiz);
– maktabga borish yoʻlida – 14 foiz (IHTT oʻrtachasi – 8,2 foiz, PISA oʻrtachasi –10,1 foiz, Qozogʻiston – 15,6 foiz);
– maktab sinf xonasida – 14 foiz (IHTT oʻrtachasi – 6,9 foiz, PISA oʻrtachasi – 8,1 foiz, Qozogʻiston – 12,3 foiz).
Mazkur raqamlar Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT), PISA hamda Qozogʻistonning koʻrsatkichlaridan ancha yuqori. Taʼkidlanishicha, har yetti oʻquvchidan kamida bittasi maktabda oʻzini xavfsiz his qilmaydi va zoʻravonlik yoki bezorilik guvohi boʻladi deyiladi Kun.uz saytining maxsus materialida.
Bulling yoki zoʻravonlik koʻrsatkichlari – soʻrovnoma
Kun.uz saytida keltirilgan soʻrovnomada oʻquvchilar oʻrtasida qoʻrqitishlar (19 foiz), maktab hududidagi toʻpolonda jarohatlanishlar (16 foiz), maktab buyumlariga zarar yetkazish (14 foiz), maktabda bezorilar toʻdasining mavjudligi (9 foiz), oʻquvchining sovuq qurol bilan qurollanganligi (6 foiz) kabi zoʻravonlik va bezorilik holatlari kuzatilganini koʻrsatilgan.
Bolalar shuningdek, oʻquvchilarning yomon gaplarni tarqatishi (21 foiz), boshqa oʻquvchilar bilan maktab hududida urishishi (17 foiz) va boshqa bolalar tomonidan maʼlum bir turdagi diskriminatsiyaga uchrashi (16 foiz) kabi holatlarga yilida kamida bir marotaba duch kelgan.
Tahlilda bir oyda bir necha marotaba bullingga duch keladigan oʻquvchilar:
1. Jinslar kesimida oʻgʻil bolalar qiz bolalarga nisbatan bullingga 3,7 foiz koʻproq uchrashi aniqlangan.
Oʻgʻil bolalar – 19,1 foiz
Qizlar – 15,4 foiz
2. Muhojir oila farzandlari esa muhojir boʻlmagan oila farzandlariga qaraganda bullingga 13,6 foiz koʻproq uchrashi maʼlum boʻlgan.
Muhojir oila farzandi – 30,6 foiz
Muhojir boʻlmagan oila farzandi – 17,1 foiz
3. Maktabning joylashuvi boʻyicha shahardagi oʻquvchilar, qishloqdagi oʻquvchilarga nisbatan bullingga 3,8 foiz koʻproq uchrashi aniqlangan.
Shahar hududidagilar – 19,4 foiz
Qishloq hududidagilar – 15,6 foiz
Tovlamachilik oʻquvchilarning akademik natijalariga jiddiy taʼsir koʻrsatadi – MHTI
Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti PISA soʻrovnomalaridan kelib chiqib baʼzi oʻrganishlarini maʼlum qildi. Institutning repest modeli yordamida qilingan tadqiqot natijasiga koʻra, maktabda oʻquvchilar orasida yuzaga keladigan bulling holatlari ularning akademik baholariga jiddiy taʼsir oʻtkazadi. Institut buni turli keyslar kesimida koʻrsatkichlari bilan boʻlishgan.
Tadqiqot Oʻzbekistonda maktab muhitidagi omillar, xususan, bulling va xavfsizlik oʻquvchilarning taʼlim olishdagi natijalariga salbiy taʼsir qilishini koʻrsatgan. Institutga koʻra, xavfsizlik darajasining pastligi va bulling oʻquvchilarning matematika, oʻqish va tabiiy fanlardan natijalarini yomonlashtiradi. Ayniqsa, tovlamachilik va jismoniy tajovuz eng katta salbiy taʼsir koʻrsatadi.
Shundan kelib chiqib, natijalar taʼlim sifatini oshirish uchun maktablarda xavfsiz muhitni yaratish zarurligini koʻrsatgan. Oʻzbekistonda bullingni kamaytirish uchun quyidagilar taklif qilingan:
1. Finlandiya tajribasidan kelib chiqib, Oʻzbekistondagi maktablarda bullingga qarshi KiVa dasturini amalga oshirish.
KiVa dasturi Finlandiyada Turku universiteti tomonidan bullingga qarshi ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan tashabbus boʻlib, Finlandiya Taʼlim va madaniyat vazirligi tomonidan moliyalashtiriladi. Uning samaradorligi keng koʻlamdagi tadqiqotlar va tasodifiy nazorat qilinadigan sinovlar orqali ilmiy jihatdan tasdiqlangan.
2. Italiyaning “No Trap!” nomli bulling va kiberbullingga qarshi dasturini Oʻzbekiston uchun joriy etish.
No Trap! (Noncadiamointrappola!) dasturi Italiyada oʻrta va yuqori maktab oʻquvchilari oʻrtasida bulling va kiberbullingning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan tashabbusdir. 2008-yilda ishlab chiqilgan ushbu dastur tengdoshlar tomonidan boshqariladigan yondashuvni qoʻllab, maktabda ijobiy muhit yaratishni maqsad qilib qoʻygan.
Bundan tashqari, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunning kuchga kirishi Oʻzbekistonda bolalarni ular duch keladigan har qanday turdagi zoʻravonlikdan himoya qilishda muhim qadam boʻlishi kutilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, qonunda bolaga nisbatan zoʻravonlik tushunchasi va jismoniy, jinsiy va ruhiy zoʻravonlikdan tashqari uning yangi shakllari – gʻamxoʻrlik koʻrsatmaslik, ekspluatatsiya, bulling kabilar ham eʼtirof etilgan.