Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining 2023-yil 31-avgustdagi “Umumiy oʻrta taʼlim muassasasining takomillashtirilgan namunaviy odob-axloq qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 282-sonli buyrugʻida mazkur meʼyorlar belgilangan.
Unga koʻra taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilarining tashqi koʻrinishi boʻyicha quyidagi talablar belgilanadi:
– tanasining ochiq qismiga tatuirovka tushirilmagan yoki pirsing qilinmagan boʻlishi, sochi tartibga keltirilgan va yorqin (gʻayrioddiy) ranglarga boʻyalmagan boʻlishi;
– erkaklarning soqoli olingan boʻlishi;
– ayollar quloq va barmoqlardan tashqari tananing turli qismlariga zirak yoki metall buyumlar taqib yurmasligi;
– oʻz faoliyatida manfaatlar toʻqnashuviga sabab boʻladigan holatlarga yoʻl qoʻymasliklari;
– pedagoglar oʻzining pedagogik va psixologik sohadagi bilim va koʻnikmalarini doim takomillashtirib borishi, shu bilan birga malakasini hamda professionallik darajasini oshirishga koʻmak beradigan tadbirlarda muntazam ishtirok etishi;
– pedagoglar huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirishga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi Qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni va qarorlari, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qarorlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari bilan tanishib borishi, ularga ogʻishmasdan amal qilishi, mavjud barcha standartlar, bayonlar, tavsiyalardan xabardor boʻlishi lozim.