So‘nggi vaqtlarda ko‘pchilikka nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan o‘qishga taklif qilish bo‘yicha turli SMS-xabarlar yuborilmoqda. Bu holat nafaqat joriy yilda, balki o‘tgan yillarda ham kuzatilgan. Bilimni baholash agentligi fuqarolarga ishonchsiz manbalardan foydalanmaslikni va turli manbalarga shaxsiy ma’lumotlarini kiritmaslik to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarida rasmiy bayonot berdi.
Bayonotga ko‘ra, ushbu xabarlar faqat abituriyentlarga emas, barchaga, jumladan, agentlik xodimlariga ham borgan. Agentlik, ushbu holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qildi:
1) Agentlik fuqarolarning roziligisiz uchinchi shaxslarga ular to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etmaydi (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda OTMlariga talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bundan mustasno);
2) Agentlikning axborot tizimlarida axborot xavfsizligi ta’minlangan bo‘lib, ularga hech qanday kiberhujum uyushtirilmagan va uchinchi shaxslar tomonidan abituriyentlarning ma’lumotlari qo‘lga kiritilmagan.
Fuqarolarda ushbu holat yuzasidan shubha bo‘lgan taqdirda, Agentlik tegishli tashkilotlar tomonidan o‘rganish o‘tkazilishiga tayyorligini ma’lum qiladi.