Ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatini berish tartibi belgilandi

Ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatini berish tartibi belgilandi

Ijtimoiy xodimlarga 5 yil muddatga amal qiladigan malaka sertifikati beriladi. Sertifikat olish uchun talabgor kamida 36 akademik soatlik malaka oshirish kursini o‘tashi va nazorat sinovida kamida 70 ball to‘plashi kerak.

 

Hukumatning 2026-yil 4-sentyabrdagi 461-son qarori bilan “Ijtimoiy xodimlarga malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish”ning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

 

Mazkur Reglament ijtimoiy xodimlarga Ijtimoiy himoya milliy agentligi (Agentlik) tizimidagi Ijtimoiy himoya tizimi xodimlarining malakasini oshirish markazi (vakolatli organ) tomonidan malaka sertifikatini berish boʻyicha davlat xizmatlarini koʻrsatish tartibini belgilaydi.

 

Qarorga koʻra, malaka sertifikati nazorat sinovi natijalaridan kelib chiqib quyidagi tartibda beriladi:

 

  • 1 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – III toifa malaka sertifikati;
  • 2 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – II toifa malaka sertifikati;
  • 3 yillik maxsus ish stajiga ega talabgorga – I toifa malaka sertifikati.

 

Talabgordan III toifali malaka sertifikatini olish uchun oliy maʼlumot, II va I toifali malaka sertifikatini olish uchun tor doiradagi oliy maʼlumot talab qilinadi.

 

Malaka sertifikati 5 yil amal qilish muddati bilan beriladi.

 

Malaka sertifikatini olish boʻyicha nazorat sinovida ishtirok etishi uchun talabgor vakolatli organning kamida 36 akademik soatlik oʻquv kurslarida malaka oshirishi lozim boʻladi.

 

Malaka sertifikatini olish uchun nazorat sinovi, qoida tariqasida, har chorakda 1 marta oʻtkaziladi. Talabgorlar test va keys tahlili boʻyicha umumiy 100 ballik tizimda baholanadi.

 

Nazorat sinovi natijasi boʻyicha 70 va undan yuqori ball toʻplagan talabgor nazorat sinovidan oʻtgan hisoblanadi.

 

Avvalroq, Hukumatning 468-son qarori 2026-yil 1-dekabrdan gid (gid-tarjimon)larga malaka sertifikati cheklanmagan muddatga berilishi haqida xabar berilgandi.