Ijod maktablariga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilinmoqda

Ijod maktablariga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilinmoqda

Respublikadagi 9 ta ijod maktabiga 2026/2027-o‘quv yili uchun 8 143 ta ariza kelib tushgan edi. Mazkur qabul doirasida o‘tkazilgan kirish imtihonlari natijalari elon qilinmoqda.

 

Ixtisoslashtirilgan talim muassasalari agentligi tizimidagi ijod maktablariga kirish imtihonlari natijalari e’lon qilinmoqda. Nomzodlar natijalarni my.gov.uz hamda ariza.piima.uz platformalari orqali tekshirishlari mumkin.

 

Xabar berganimizdek, 2026/2027-o‘quv yili uchun respublika bo‘ylab faoliyat yuritayotgan 9 ta ijod maktabiga hujjatlar 15-maydan 4-iyungacha onlayn tarzda ariza.piima.uz  platformasi orqali qabul qilindi. Qabul jarayonida ushbu maktablarga jami 8 143 ta ariza topshirilgan.

 

Eslatib o‘tamiz, Ijod maktablariga asosiy qabul 7-sinf uchun amalga oshirildi. 8-, 9- va 10-sinflarga esa faqat bo‘sh o‘rinlar uchun qabul tashkil etildi. Barcha nomzodlar uchun kirish imtihonlari bir xil tartibda uch bosqichda o‘tkazildi.

 

Birinchi bosqich — ijodiy matn yaratish imtihonlari 16-iyun kuni, ikkinchi bosqich — ijodiy suhbat 18–24-iyun kunlari bo‘lib o‘tdi. Uchinchi bosqich esa 2-iyul kuni test sinovlari shaklida tashkil etildi.

 

Aksariyat ijod maktablarida uchinchi bosqich testlari ona tili va adabiyot fanidan 20 ta, ingliz tilidan 15 ta hamda intellektual qobiliyatni baholash bo‘yicha 15 ta, jami 50 ta test topshirig‘idan iborat bo‘ldi.

 

Ishoqxon Ibrat nomidagi ijod maktabida esa uchinchi bosqich testlari ingliz tilidan 20 ta, ona tili va adabiyot fanidan 15 ta hamda intellektual qobiliyat bo‘yicha 15 ta, jami 50 ta test topshirig‘i asosida o‘tkazildi.

 

Avvalroq, ijod maktablariga hujjat topshirishda nimalarni bilish kerakligi haqida xabar bergan edik.