BMBA tarix fanidan milliy sertifikat savollari tarqatilgani yuzasidan yana munosabat bildirdi

BMBA tarix fanidan milliy sertifikat savollari tarqatilgani yuzasidan yana munosabat bildirdi

Bilim va malakalarni baholash agentligi 2026-yil aprel oyida tarix fanidan o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonlari savollari oldindan tarqalgani haqidagi da’volar o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qildi. Agentlikka ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan savollar imtihonlarda qo‘llanilgan test topshiriqlari bilan solishtirilgan va aynan bir xil savollar aniqlanmagan.

 

Joriy yilning 4, 5 va 7-aprel kunlari tarix fanidan navbatdagi milliy sertifikat imtihonlari bo‘lib o‘tgan edi. Imtihon arafasida ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalar avj olib, xususan, “X-variant” test savollari sotilgani hamda ayrim audioyozuvlarning tarqatilgani haqidagi iddaolar sabab bo‘lgan edi.

 

Mazkur holatni Talimxabarlari.uz ham yoritib, BMBA matbuot kotibidan qo‘shimcha izoh olgan va ushbu masala bo‘yicha material e’lon qilgandi.

 

Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda 2026-yil aprel oyida tarix fanidan o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonlari yuzasidan avval tarqalgan ma’lumotlar yana muhokama qilinmoqda. Bugun Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur holat yuzasidan yana qo‘shimcha rasmiy munosabat bildirib, tarqalgan da’volar o‘z tasdig‘ini topmaganini ma’lum qildi.

 

Qayd etilishicha, tahlil jarayonida ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan savollar aprel oyida o‘tkazilgan milliy sertifikat imtihonlarining barcha smenalarida qo‘llanilgan test topshiriqlari bilan birma-bir solishtirilgan. Natijada, aynan bir xil savollar mavjud emasligi aniqlangan.

 

Agentlik ayrim savollarning bir mavzuga oid bo‘lishi tabiiy holat ekanini, chunki barcha test topshiriqlari yagona o‘quv dasturi asosida ishlab chiqilishini ta’kidladi.

 

Shuningdek, 2026-yil 14-may kuni Agentlik vakillari hamda mavzuni yoritgan OAV ishtirokida uchrashuv o‘tkazilgan. Unda o‘tkazilgan tahlillar natijalari taqdim etilgan. Xususan, “Xalq ta’limi Info” tahririyatiga ham imtihon jarayoni va test natijalari bo‘yicha tahliliy ma’lumotlar taqdim etilgan hamda shundan so‘ng 20-may kuni qo‘shimcha tahliliy maqola e’lon qilingan.

 

Test topshiriqlarining maxfiyligini ta’minlash Agentlik faoliyatining ustuvor vazifalaridan biridir. Test bazasi joylashgan serverlar internet tarmog‘idan to‘liq ajratilgan yopiq infratuzilmada saqlanadi va ularga tashqi tarmoqlar orqali ulanish imkoniyati mavjud emas. Materiallardan foydalanish huquqi faqat maxsus vakolatga ega, cheklangan doiradagi xodimlarga beriladi. Topshiriqlarni yaratish, ekspertizadan o‘tkazish, tasdiqlash, saqlash va qo‘llashning barcha bosqichlarida ko‘p bosqichli xavfsizlik va nazorat mexanizmlari amal qiladi.

Shuningdek, har bir test sinovidan so‘ng ilmiy tahlillar muntazam o‘tkazib boriladi: topshiriqlarning murakkablik darajasi, ishtirokchilar natijalari xalqaro ilmiy yondashuvlar asosida baholanadi. Natijalar ochiqlik tamoyili asosida Agentlikning rasmiy veb-saytida muntazam e’lon qilib boriladi, — deyiladi BMBA munosabatida.