2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijiy tilda tahsil olgan bakalavrlar magistraturaga hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi. Bunday imkoniyat ta’lim tili xorijiy til bo‘lgan bakalavriat dasturlarini tamomlagan bitiruvchilarga tatbiq etiladi.
Xorijiy tilda tahsil olgan bakalavrlar magistraturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishdan ozod etiladi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat ta’lim dasturini xorijiy tillarning birida (ta’lim tili xorijiy til bo‘lgan holda) tamomlagan bitiruvchilar magistraturaga hujjat topshirishda xorijiy tilni bilish to‘g‘risidagi milliy yoki xalqaro sertifikatni taqdim etishdan ozod etiladi.
Mazkur tartib quyidagi holatlarda qo‘llaniladi:
– bakalavriat taʼlim dasturini Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 24-maydagi 3515-son qo‘shma qarori bilan tasdiqlangan milliy va xalqaro tan olingan sertifikatlar roʻyxatida qayd etilgan 16 ta (ingliz tili, fransuz tili, nemis tili, ispan tili, italyan tili, arab tili, xitoy tili, yapon tili, koreys tili, turk tili, puştu tili, dariy tili, urdu tili, hindiy tili, uyğur tili, fors tili) xorijiy tilning birida tamomlagan bo‘lsa;
– abituriyent bakalavriatga qabul qilingan yildagi tasdiqlangan qabul parametrlariga muvofiq aynan shu ta’lim tilida tahsil olgan va bakalavr diplomi ilovasida ta’lim tili xorijiy til ekani qayd etilgan bo‘lsa.
Agar bakalavr diplomi ilovasida ta’lim tili ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bakalavriat ta’lim dasturi xorijiy tilda o‘zlashtirilganligi oliy ta’lim tashkiloti tomonidan taqdim etilgan ma’lumotnoma asosida ko‘rib chiqiladi.
Avvalroq, bakalavriatga o‘zbek yoki rus tili kvotasi bo‘yicha qabul qilinib, universitetdagi ingliz tili guruhini tamomlagan bitiruvchilardan magistraturaga hujjat topshirishda ham xorijiy til sertifikati talab etilishi haqida xabar bergan edik.
Ya’ni xorijiy til sertifikatidan ozod etilish faqat xorijiy tilda tashkil etilgan (ingliz, fransuz, nemis va boshqalar) kvotalarga qabul qilingan talabalarga tatbiq etiladi. OTM Kengashi qarori va rektor buyrug‘i asosida tashkil etilgan maxsus ingliz tili guruhini bitirganlik bunday imtiyozni bermaydi.
