Bakalavriatga o‘zbek yoki rus tili kvotasi bo‘yicha qabul qilinib, universitetdagi ingliz tili guruhini tamomlagan bitiruvchilardan magistraturaga hujjat topshirishda ham xorijiy til sertifikati talab etiladi. Bu talab faqat xorijiy til kvotasi asosida o‘qishga qabul qilingan bitiruvchilarga nisbatan qo‘llanilmaydi.
Bakalavriat bosqichiga o‘zbek yoki rus tili kvotasi bo‘yicha qabul qilinib, keyinchalik oliy ta’lim muassasasidagi ingliz tili guruhida tahsil olgan bitiruvchilar magistraturaga hujjat topshirishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishlari shart.
Bunga sabab, talaba Davlat komissiyasi tomonidan ajratilgan o‘zbek, rus yoki qardosh tillar kvotasi asosida o‘qishga qabul qilingan hisoblanadi. Universitet kengashi qarori bilan tashkil etilgan ingliz tili guruhida o‘qishni tamomlaganlik esa xorijiy til sertifikatini taqdim etish majburiyatidan ozod etmaydi.
Xorijiy til sertifikati talab qilinmasligi uchun abituriyent bakalavriatga dastlab xorijiy tilda (ingliz, fransuz, nemis va boshqa tillarda) ajratilgan kvota bo‘yicha qabul qilingan bo‘lishi lozim.
Eslatib o‘tamiz, magistratura bosqichiga hujjatlar my.edu.uz va my.gov.uz platformalari orqali qabul qilinmoqda.
Avvalroq, magistratura qabulida SAT sertifikati beradigan imtiyozdan qanday foydalanish mumkinligi haqida xabar bergan edik.
