Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi

Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi

Prezidentning yangi qaroriga muvofiq O‘zbekistonda xalqaro ta’lim standartlari asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini rivojlantirish maqsadida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.

 

Prezidentning 2026-yil 17-iyuldagi PQ–269-son qarori bilan “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi hujjat qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning “IQF – Integrated Qualifications Framework” ta’lim tashkiloti bilan hamkorlikda faoliyat yuritayotgan Xalqaro malakalar va baholash markazi zimmasiga bir qator yangi vazifalar yuklatilgan.

 

Jumladan, markaz ishlab chiqilgan integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini QS (Quacquarelli Symonds) va THE (Times Higher Education) xalqaro reytinglarining top-100 taligiga kiruvchi oliy ta’lim muassasalari talablariga muvofiqlashtiradi.

 

Shuningdek, top-100 talikdagi hamkor universitetlar tomonidan tan olinadigan bakalavriat uchun “1+3” va “2+2”, magistratura bosqichi uchun esa “1+1” ta’lim modellarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

 

Qarorda O‘zbekistonda yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalarining diplomini berishga yo‘naltirilgan kampuslar, filiallar, franshizalar hamda ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlarini tashkil etish bo‘yicha kelishuvlarga erishish ham nazarda tutilgan.

 

Bundan tashqari, Buyuk Britaniyaning ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini yanada kengaytirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.

 

Avvalroq, Prezidentning 252-son qaroriga asosan Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.