Toshkent arxitektura-qurilish universitetida urbanistika bo‘yicha yangi fakultet ochiladi

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida urbanistika bo‘yicha yangi fakultet ochiladi

Toshkent arxitektura-qurilish universitetida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi.

 

Prezidentning 2026-yil 7-iyuldagi ‘‘Urbanizatsiya va uy-joy qurilishi sohasida islohotlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida’’gi PQ–252-son qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab Toshkent arxitektura-qurilish universiteti tarkibida Zamonaviy urbanistika va aglomeratsiyalarni boshqarish fakulteti tashkil etiladi.

 

Mazkur fakultet urbanizatsiya, shaharsozlik, aglomeratsiyalarni kompleks boshqarish, shahar iqtisodiyoti, yerdan samarali foydalanish, uy-joy bozorini rivojlantirish, shahar infratuzilmasini rejalashtirish hamda hududlarni barqaror rivojlantirish yoʻnalishlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga ixtisoslashtiriladi.

 

Shuningdek, Milliy qoʻmita raisi lavozimiga koʻra Toshkent arxitektura-qurilish universiteti Kuzatuv kengashi raisi hisoblanadi.

 

Bunda Kuzatuv kengashi taʼlim dasturlarini amaliyot bilan uygʻunlashtirish, davlat organlari, loyiha tashkilotlari va xususiy sektor bilan hamkorlikni rivojlantirish, bitiruvchilarni sohaviy tashkilotlarga yoʻnaltirish hamda fakultetlarning ilmiy-amaliy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralarini koʻradi.

 

Qarorga muvofiq, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasarrufidagi Toshkent geodeziya va kartografiya texnikumi Milliy qoʻmita tizimidagi Toshkent urbanistika, geodeziya va kadastr texnikumi etib qayta tashkil etiladi.

 

Bundan tashqari, Milliy qo‘mita huzurida Urbanistika, arxitektura va loyihalashtirish kreativ parki ham tashkil etiladi.

 

Urbanistika sohasida xalqaro tajribalarni joriy etish maqsadida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Aholi punktlari boʻyicha dasturi – “UN-Habitat” dasturi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

 

Shuningdek, qurilish bosqichlarini kuzatib borish maqsadida “Uy-joy” yagona raqamli urbanizatsiya platformasida (“Uy-joy” AAT) shakllanadigan va “Shaffof qurilish” tizimi bilan integratsiya qilinadigan Istiqbolli qurilish hududining yagona identifikatori, Loyihaning raqamli pasporti va Kapital qurilish obyekti raqamli pasporti joriy etiladi.

 

2026-yil 1-oktyabrdan Yagona identifikatorda identifikatsiya raqami olmasdan qurilishni boshlash uchun ruxsatnoma berish taqiqlanadi.

 

Avvalroq, ‘‘TIQXMMI’’ Milliy tadqiqot universitetida yangi fakultet va maxsus tayyorlov kurslari tashkil etilishi haqida xabar bergan edik.