Buxoroda maktab xodimlari jazirama issiqda stadion tozalashga majburlangani aytilmoqda (video)

Buxoroda maktab xodimlari jazirama issiqda stadion tozalashga majburlangani aytilmoqda (video)

Ijtimoiy tarmoqlarda G‘ijduvon tumanidagi maktabda  xodimlar jazirama issiqda stadion hududini tozalashga majburan jalb etilgani haqida video murojaat tarqaldi. Viloyat maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi holat nazoratga olingani hamda yuzasidan o‘rganish boshlanganini ma’lum qildi.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati Gʻijduvon tumanidagi 56-son umumtaʼlim maktabi direktori tomonidan jazirama issiq sharoitida maktab xodimlari stadion hududini tozalash ishlariga jalb etilgani yuzasidan video murojaat tarqaldi.

 

Unda maktab rahbari xodimlarni majburiy mehnatga jalb qilgani, rad javobini berganlarga esa jarima qoʻllanilishi, hayfsan berilishi aytilgan.

 

Talimxabarlari.uz nashri murojaat yuzasidan viloyat MMTB bilan bogʻlandi. Shundan soʻng, boshqarma tomonidan holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirildi.

 

Unga koʻra, tarqalgan murojaat Buxoro viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi tomonidan nazoratga olingan.

 

“Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar hamkorligida oʻrganish ishlari olib borilmoqda. Oʻrganish jarayonida murojaatda keltirilgan barcha holatlar xolis va har tomonlama tahlil qilinadi” — deyiladi rasmiy xabarda.

 

Shuningdek, oʻrganish yakunlari hamda aniqlangan holatlar boʻyicha amaldagi qonunchilik talablari asosida tegishli choralar koʻrilishi va jamoatchilikka qoʻshimcha axborot taqdim etilishi bildirilgan.

 

Avvalroq, anomal issiq sabab bogʻchalar faoliyati vaqtincha toʻxtatilgani haqida xabar bergan edik.